Нашр этиш

Ma’lumki, shu yilning 31 mart hamda 1 aprel kunlari Toshkent shahrida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining beshinchi yalpi majlisi bo‘lib o‘tdi.

 

Unda jamiyatni demokratlashtirish va yangilash sohasidagi islohotlarni yanada chuqurlashtirish jarayonini ta’minlashga, jamiyatni yangilash, mamlakatni isloh qilish va modernizatsiyalashga qaratilgan qonunlar hamda Senat vakolatiga doir bo‘lgan boshqa masalalar muhokama etildi.

Ikki kun davom etgan majlis yakunlariga ko‘ra 14 ta masala, shu jumladan 4 ta qonun ko‘rib chiqildi.

Mazkur qonunlarning bittasi yangidan, bittasi yangi tahrirda ishlab chiqilgan, bitta qonun amaldagi qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish, bittasi esa xalqaro hujjatni ratifikatsiya qilish to‘g‘risidadir.

Majlis davomida Senat vakolatiga kiruvchi boshqa masalalar ham ko‘rib chiqildi va ular yuzasidan tegishli qarorlar qabul qilindi. Mazkur qonunlarni, ko‘rilgan masalalarning joylardagi ijrosini ta’minlash, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining beshinchi Yalpi majlisi mazmun-mohiyatini yetkazish maqsadida Namangan viloyati hokimligida selektor muloqot o‘tkazildi.

Tadbirni viloyat rahbari X. Bozarov kirish so‘zi bilan ochib berdi va yalpi majlis kun tartibida ko‘rib chiqilgan qonunlarning qabul qilinishi ijtimoiy-siyosiy islohotlarning davomi, mamlakatning davlat-huquqiy va siyosiy tizimini bosqichma - bosqich rivojlantirishning natijasi bo‘lib, kuchli davlatdan kuchli fuqarolik jamiyati sari tashlangan muhim qadamligini alohida  ta’kidladi.

Selektor tarzdagi muloqotda viloyatdan saylangan senatorlar, viloyat hokimining o‘rinbosarlari, xalq deputatlari viloyat, shahar va tuman Kengashlariga saylangan deputatlar,  ma’muriy idoralar rahbarlari, shahar va tumanlar hokimlari va ularning o‘rinbosarlari, hokimliklarning tashkiliy-nazorat guruh rahbarlari, shahar, va tumanlar prokurorlari, Ichki ishlar bo‘limi boshliqlari, tashkilotlar, korxonalar, muassasalar va jamoatchilik tashkilotlari rahbarlari, mahalliy Kengashlarning doimiy komissiya raislari va fuqarolarning o‘zini-o‘zi boshqarish organlari raislari shuningdek, ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etishdi.

Uchrashuvda shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasi raisining o‘rinbosari, Senator S. Baratova ham qatnashdi.

Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasi raisining o‘rinbosari, Senator S.Baratovaning Senatning beshinchi yalpi majlisida ma’qullangan qonunlar va qabul qilingan qarorlar, xususan, “Parlament nazorati to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining mazmun-mohiyati haqidagi;

Moliya boshqarmasi boshlig‘i T. Yusupovning “Bugalteriya xisoboti to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni va O‘zbekiston respublikasi Hisob palatasining 2015 yildagi faoliyati to‘g‘risidagi;

Namangan viloyat adliya boshqarmasi boshlig‘i, S.Nuriyevning “O‘zbekiston Respublikasi ayrim qonun xujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni haqidagi;

Viloyat Markaziy banki rahbari A.Dadaboyevning O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki raisining O‘zbekiston Respublikasi Markaziy bankining 2015 yildagi faoliyati to‘g‘risidagi hisoboti;

Tabiatni muhofaza qilish qo‘mitasi rahbari A. Saydullayevning O‘zbekiston Respublikasi Tabiatni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi raisining O‘zbekiston Respublikasi Tabiatni muhofaza qilish davlat qo‘mitasining 2015 yildagi hisobotlari tinglandi. 

Tadbir so‘ngida bu kabi muloqotlarni viloyatning barcha hududlarida ham o‘tkazilish zarurligi ta’kidlandi.