Нашр этиш

Prezidentimiz Islom Karimovning O’zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganligining 23 yilligiga bag’ishlangan tantanali marosimdagi ma’ruzasida “mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng ko’lamli o’zgarishlarning hal qiluvchi omili haqida gapirganda, avvalo odamlarimizning ongu tafakkurida ro’y berayotgan tub o’zgarishlar, ularning yon-atrofdagi voqealarga munosabati, daxldorlik hissi, siyosiy faolligi va fuqarolik pozitsiyasi tobora o’sib borayotganini ta’kidlash lozim”ligiga alohida e’tibor qaratildi.

Darhaqiqat,mustaqillik yillarida jamiyat hayotining barcha sohalarida amalga oshirilgan islohotlar aholi keng qatlami farovonligini ta’minlashga xizmat qilayotgani ularning ijtimoiy faolligi kafolatiga aylanmoqda.

Ayni paytda Qonunchilik palatasida muxokama qilinayotgan bir qator qonun loyihalari mazkur jarayonlarni yanada jadallashtirish, huquqiy demokratik davlat barpo etish yo’lidagi ishlar samaradorligini oshirishga xizmat qiladi.

Ayniqsa, “Parlament nazorati to’g’risida”gi O’zbekiston Respublikasi Qonuni fuqarolarni har tomonlama qo’llab quvvatlashga qaratilgan davlatimiz siyosatining izchilligini yanada oshirishga xizmat qilishi bilan ahamiyatlidir.

Uchrashuvlarimizda  mazkur qonun loyihasi ishlab chiqilishining asosiy omillari, qonunning qabul qilinishi natijasida qanday o’zgarishlar yuzaga kelishi xususida saylovchilar tomonidan ko’plab savollar berilmoqda. Shu bois mazkur savollar javobiga batafsil to’xtalib o’tish zarur deb hisoblaymiz.

Parlament nazorati jamiyatdagi ijtimoiy munosabatlarni huquqiy tartibga solinishi darajasini aniqlash, amaldagi qonun hujjatlarida belgilangan tamoyil va qoidalarni ijro etuvchi hokimiyat organlari va boshqa mansabdor shaxslar tomonidan hayotga tatbiq etilishini o’rganish, qonun hujjatlarini ijro etish jarayonida vujudga kelgan muammo va kamchiliklarni aniqlash hamda ularni bartaraf etish bo’yicha amaldagi qonun hujjatlarini takomillashtirishga oid tegishli tavsiyalar ishlab chiqish imkonini beradi.

Ma’lumki, O’zbekiston Respublikasi Prezidenti I.Karimov tashabbusi bilan 2010 yilda Mamlakatimizda demokratik islohotlarni yanada chuqurlashtirish va fuqarolik jamiyatini rivojlantirish Konsepsiyasi ilgari surildi. Mazkur Konsepsiyaga asosan 2011 va 2014 yillarda O’zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga, boshqa qonun hujjatlariga qator o’zgartish va qo’shimchalar kiritildi. Xususan, qonun chiqaruvchi hokimiyatning nazorat vakolatlarini kengaytirish va kuchaytirish maqsadida Konstitutsiyaning 78-moddasi parlament palatalarining parlament nazoratini amalga oshirish bo’yicha vakolatlarini konstitutsiyaviy mustahkamlashga qaratilgan qoidalar bilan to’ldirildi.  Bu, o’z navbatida, “Parlament nazorati to’g’risida”gi Qonunni qabul qilish uchun konstitutsiyaviy-huquqiy zamin yaratdi.

Ta’kidlash joizki, Konstitutsiyaning 78-moddasi 21-bandiga kiritilgan parlament nazoratini amalga oshirish haqidagi qoida har ikki palataning ijro hokimiyati faoliyati ustidan nazorat qilish vakolatlarini konstitutsiyaviy darajada mustahkamlanganligi bilan ahamiyatlidir.

Darhaqiqat, parlament xalqning vakillik organi bo’lganligi bois davlat hokimiyatining boshqa tarmoqlari ustidan, ayniqsa, o’zi saylaydigan, ta’sis etadigan va tayinlaydigan idoralar va mansabdor shaxslar faoliyati ustidan muayyan nazoratni amalga oshirishi zarur.

 Bugungi kunda amaldagi qonunlarga muvofiq, parlament quyi palatasidagi siyosiy partiyalar fraktsiyalari va deputatlar guruhi parlament nazoratini Qonunchilik palatasi majlisida davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarining mansabdor shaxslariga ularning tasarrufiga kiradigan masalalar yuzasidan asoslantirilgan tushuntirish berish yoki nuqtai nazarini bayon qilish talabi bilan murojaat etish, hukumat a’zolarini ularning faoliyati masalalari yuzasidan eshitish to’g’risida masala qo’yish, fraktsiyaning va deputatlar guruhining faoliyati uchun zarur materiallar va hujjatlarni davlat organlari hamda ularning mansabdor shaxslaridan talab qilib olish orqali amalga oshirib kelmoqda.

Tayyorlangan qonun loyihasining maqsadi esa parlament nazoratini tashkil etish va amalga oshirish sohasidagi ijtimoiy munosabatlarni tartibga solish, qonun chiqaruvchi va ijro etuvchi organlarning o’zaro hamkorligi va aloqadorligini takomillashtirish, shuningdek davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarining parlament oldidagi mas’uliyatini kuchaytirish uchun qo’shimcha mexanizmlarni yaratishdan iboratdir. Zero, qonun loyihasida parlament nazoratining barcha  shakllari aniq-ravshan belgilab berilmoqda.

Qonun loyihasi parlament nazoratining huquqiy asoslarini takomillashtirishga, qonunlar va davlat dasturlarining ijrosini ta’minlashda parlament rolini oshirishga hamda Oliy Majlis palatalarining nazorat faoliyatining samaradorligini oshirishga yo’naltirilgan.

Xulosa o’rnida aytish joizki, parlament nazoratining tizimli yo’lga qo’yilishi, bu mexanizmning samarali faoliyat ko’rsatishi farovonlikning muhim omili bo’lgan ishbilarmonlik muhitining yanada yaxshilanishiga xizmat qiladi.

O’zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasiga

46-Uchqo’rg’on saylov okrugidan saylangan deputat I.I.Xodjiev