Bugun mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlar shunday shiddatli tus oldiki, endi xalqimiz o‘z turmush darajasini orzu intilishlarini mustaqillikdan oldingi totalitar tuzum sharoitiga emas, aynan  istiqlolning o‘tgan davri mobaynida, ya’ni davlatchiligimizning yangi davri ilk pallalariga solishtirib mo‘ljal olishga, xulosa chiqarishga  e’tibor qaratmoqda.

Bosqichma-bosqichlik tamoyili asosida  rivojlanish yo‘lidan borayotgan  O‘zbekistonimiz muhtaram Prezidentimiz Shavkat Miromonovichning tashabbusi bilan  e’lon qilingan 2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasi tom ma’nodagi dasturilamal  bo‘lgani  bugun nafaqat xalqimiz, balki xalqaro miqyosdagi  ekspertlar  tomonidan ham e’tirof etilmoqda

Harakatlar strategiyasining Qonun ustuvorligini ta’minlash va sud-huquq tizimini yanada isloh qilish  bilan bog‘liq II-ustuvor yo‘nalishi qamrovidagi muhim masalalardan biri   fuqarolarning huquq va erkinliklarini ishonchli himoya qilish kafolatlarini ta’minlashdir.

 Biz mustaqil yurt fuqarolarimiz. Hozirgacha huquq va erkinliklarimizni himoya qilish masalasida qanchadan qancha  me’yoriy hujjatlar  amaliyotga tatbiq qilindi. Eng muhimi Bosh qomusimiz - Konstitutsiyamiz asosida katta qadamlar bosildi. Ammo  endilikda huquq va erkinliklarimizni umumiy  himoyalash  emas, ishonchli himoya qilish  masalasi ko‘ndalang qo‘yiladi.

Bu jihatdan Prezidentimizning Oliy Majlisga Murojaatnomasini  butun dunyo katta xayrihohlik bilan qabul qildi, desak aslo mubolag‘a emas.

Murojaatnoma bo‘s-butunligicha aynan fuqarolar huquq va erkinliklarini ishonchli himoyalashga yo‘naltirilgani  bilan harakterlanadi.

Bunga Murojaatnomadan  birgina iqtibosni keltirish bilan ham fikrimni  asoslashim mumkin. Mana ulardan biri: ”Hozirgi vaqtda viloyatlar o‘rtasida yo‘l patrul postlarining eskicha joylashuvi harakatlanish erkinligini cheklab, savdo iqtisodiy munosabatlar, ichki va tashqi turizm rivojiga  salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda”.

Mamlakatimiz hududida mavjud bo‘lgan bunday postlar 60 dan ziyod  edi. Ularning keskin qisqarib borayotgani bilan o‘tgan qisqa davrdayoq Harakatlar strategiyasi va Murojaatnomaning naqadar hayotiyligi amalda isbotlana boshladi.

Namangandan Toshkentga yo‘l olganlar  behuda tashvishdan, vaqt yo‘qotish, kayfiyatsizlik bilan bog‘liq asabbuzarliklardan  himoya qilindi. Buni bugun mamlakatimiz bo‘ylab safarga chiqayotgan fuqarolarning  fikrlaridan bilib turibmiz.

Yoki pasport tizimi bilan bog‘liq  noqulayliklar tadbirkorlik, savdo iqtisodiy aloqalarning ham ravonlashuviga omil bo‘lmoqda.

Prezidentimizning jinoyatchilikka qarshi kurashish va huquqbuzarliklarning oldini olish tizimini takomillashtirish masalasidagi  g‘oyat hayotiy tavsiyalari, tashabbus va g‘oyalari yangi huquqiy asoslarni yaratish, mavjud  qonunchilikni soddalashtirish va birinchi navbatda fuqarolar uchun qulay bo‘lgan tartiblar amaliyoti bilan uyg‘unlashmoqda.

“Insonlarning dardu tashvishlarini o‘ylab yashash-odamiylikning eng oliy mezonidir”  Prezidentimizning bu fikrlari  Xalq qabulxonalari, ma’muriy idoralar tevaragiga bejiz ko‘rinarli qilib yozib qo‘yilmadiki, endi fuqarolik ma’rifatini keskin oshirish  talab etiladi. “Huquqiy savodxonlik” bilan “Huquqiy madaniyat”  degan iboralarning  mantiqiy  farqi  aynan Harakatlar strategiyasi va  Prezidentimizning Oliy Majlisga Murojaatlaridan keyin ko‘rinib qoldi.

Shuncha huquqiy me’yorlar Qonun va qonunosti hujjatlari bilan mustahkamlangan bo‘lishiga qaramay hamon qonun ustuvorligini ta’minlashga astoydil qadam qo‘yolmaslik holati hammamizda ham mavjudligini tan olishimiz zarur.

Huquqni bilish  bu hali uning amaliyotini ta’minlashga erishish  degani emas.

Agar biz Mustaqillik bu huquq, huquq o‘zni bilmakdir, ya’ni o‘zlikni anglamoqdir, degan xulosadan kelib chiqib fikrlasak ham  Harakatlar strategiyasining jamiyatimiz taraqqiyoti uchun naqadar zarurligini, Prezidentimizning Oliy Majlisga Murojaatnmalari  naqadar muhim ahamiyatga egaligini anglashimiz qiyin emas. Nima bo‘lganda ham qonun ijrosi bilan kuchli, ya’ni qonunlarni bilish bilan bir vaqtda uni amalga oshirishga chin ma’nodagi huquqiy madaniyatga erishmog‘imiz shart. Bu har birimizdan jamiyat hayotida faol ishtirok etish uchun o‘qish, o‘rganish, o‘z bilimlarimizni tinimsiz oshirib borishni taqazo etadi.

 Sud hokimiyati mustaqilligini ta’minlashga  ko‘maklashish komissiyasining tashkil etilayotgani, Bu komissiya fuqarolardan kelib tushayotgan murojaatlar, xalq bilan bevosita muloqotlar jarayonida  ko‘tarilayotgan masalalarni qamrab olayotgani bilan  chinakamiga xalqparvarlik, insonparvarlik  tusini olmoqda.

“Barchamiz bir haqiqatni  unutmasligimiz kerak,- dedi davlatimiz rahbari. -  Qonunlarning birdan bir manbai va muallifi  tom ma’noda halq bo‘lishi shart”.

“Habeas korpus” institutini joriy etish,  2018-2021 yillarda  jinoyat va jinoyat protsessual qonunchilikni rivojlantiruvchi konsepsiya qabul qilish javobgarlikka tortish muddatlarini qayta ko‘rib chiqish  mamlakatimizda odil sudlov akademiyasini  tashkil etish kabi kechiktirib bo‘lmas  vazifalar  xalqimiz ruhiyatini ko‘tarib yubordi. Hammamizga ma’lum bir  iqrorlik bor agar xalq ruhan tetik bo‘lsa uning qudrati ortadi. Ruhiyati baland xalqni hechkim, hech narsa engolmaydi.

Yuridik yordam va xizmat ko‘rsatish tizimini takomillashtirish ham Harakatlar strategiyasi qamrovidagi muhim masalalardan biri. Konstitutsiyaning 100-moddasiga muvofiq qonunchilikni, huquqiy tartibotni hamda fuqarolarning  xavfsizligini  ta’minlash mahalliy davlat hokimiyati organlari vakolatiga kiradi. Mahalliy davlat hokimiyati organlarida qonuniylikni ta’minlash va boshqa huquqiy ishlarni amalga oshirishda hokimlik apparati yuridik xizmatining o‘rni  beqiyos. Demak, biz barcha mehnat jamoalaridagi  huquqshunoslarni, yuridik bo‘limlar xizmatchilarini qayta o‘qish va o‘qitish  mashg‘ulotlariga jalb etishimiz zarur.

Dilorom ABDURAHIMOVA,

xalq deputatlari   viloyat Kengashi deputati,

Qonuniylik, huquq tartibot va aholining

xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha Doimiy komissiya a’zosi