Нашр этиш

Prezidentimizning 3 aprel kungi Murojaati xalqimizga ruhiy madad, taftli samimiy dalda bo‘ldi. Har birimizga kuch-quvvat berib, iymon ishonchimizni yana bir bor mustahkamladi. Yurtboshimiz tadbirkorlarga, iqtisodiyot tarmoqlariga, ijtimoiy   yordamga muhtoj aholiga, yakka-yolg‘izlarga, nogironlarga moddiy ko‘mak va yordamlarni oshiramiz, xalq uyida o‘tirsin, dedi.

Tadbirli davlatimiz rahbari, ayni vaqtda Covid-19 tufayli mamlakatimizda yuzaga kelgan vaziyatni ochiq-oydin tushuntirdi, pandemiyaga qarshi kurash bo‘yicha tegishli idoralarga yangi topshiriqlar berdi, har birimizga taalluqli vazifalarni va o‘z tavsiyalarini bayon qilib berdi.

Dunyo miqyosida yuz berayotgan koronavirus pandemiyasi manaman degan davlatlarni ham dovdiratib qo‘ymoqda. Hatto qudratli Evropada ayrimlar vaziyatdan qanday chiqib ketishni bilmay esankiraganlariga guvoh bo‘ldik. Kuzatib turibmiz, solishtiryapmiz. Kelinayotgan xulosa shuki, qaysi davlatda rahnamo kuchli, irodali, fidokor, xalqi hamjihat, ahil, jamiyat miqyosidagi tartib-intizomga chinakam rioya qilsa epidemiya nisbatan tez chekinmoqda. Xitoy va Janubiy Koreya bunga jonli misol.

Demak bor haqiqatdan ko‘z yummasligimiz kerak. Mamlakatimizda pandemiya munosabati bilan kuchli insonparvar siyosat olib borilmoqda. Har bir kasallangan bemor, karantinga olingan oilalar qat’iy nazoratda. Uyda qolayotgan aholi uchun etarli sharoitlar, yangi imkoniyatlar muhayyo etilmoqda. Yirik ishlab chiqarish korxonalari bir zum to‘xtamay ishlamoqda. O‘rta va kichik biznes sub’ektlariga ishonchli imtiyozlar taqdim etilmoqda. Eng ahamiyatlisi, davlatimiz rahbari mazkur sinovdan talofatlarsiz o‘tishimiz kerakligini qayta-qayta uqdirmoqda.

Shunga qaramay, keyingi kunlardagi rasmiy bayonotlardan ma’lum bo‘lmoqdaki, holat birmuncha jiddiy. Aksariyat aholimiz “Uyda qoling” da’vatiga, vaziyat taqozo etgan tartiblarga qat’iy rioya qilmoqda. Taassufki, ma’rifatli xalqimiz orasida pandemiya tufayli o‘rnatilgan tartib va qoidalarni mensimaslik holatlari uchrayotgani juda tashvishli.

 Birniki mingga, mingniki tumanga, degan gap bor xalqimizda. Zaharxanda bu hikmat odamzot boshiga tushadigan bugungiga o‘xshagan tashvishli kunlarga taalluqli. Uyida go‘yo diqqinafas bo‘lib, arzimas bahona bilan ko‘chaga oshiqayotgan, karantin qoidalarini pisand qilmay gurung qilishgacha borayotgan, yasama vajkarsonlarni ro‘kach qilib, transport vositalarini qochib-buzib boshqarib yurgan kimsalarni tushunib bo‘lmayapti. Nodonligi bilan o‘zini, oilasini, bola-chaqalarini og‘ir dardga giriftor qilib qo‘yishi mumkinligini, xatti-harakati bilan jinoyat sodir etayotganini o‘ylamayotgani og‘ir botyapti. Alloh bu kabi hamyurtlarimizga insof bersin, to‘g‘ri xulosa qilib olishsin.

Keling, shu o‘rinda boshqa ahamiyatli jihat haqida gaplashaylik. Sinovli kunlar bizlarni bir-birimizga yaqin qilyapti, hamjihatligimiz yanada mustahkam bo‘lib bormoqda. “Uyda qoling” da’vati oilalarimizga, xonadonlarimizga go‘yo nur olib kirdi. Otalar uyda, farzandlar uyda, tarbiya, ma’rifat saboqlari kuchaydi, kitobxonlik, oilaviy mutoalla taomilga aylandi. Uy-ro‘zg‘orning har qanday yumushi ko‘pchilik bilan hamjihat bartaraf etilmoqda. Biz birgamiz. Har qanday muammoga echim topamiz.

Darvoqe, biz yolg‘iz emasmiz. Ibn Sinoga sodiq shifokorlarimiz biz bilan. Yuzlab virus dardiga mubtalo bo‘lganlarni sog‘-omon saqlab qolishga bel bog‘lab, kunu tun xizmatda turishibdi. Minglab sanitar hamyurtlarimiz yurtni zararsizlantirishda jonbozlik qilyaptilar. Ichki ishlar, mudofaa vazirligining ming-minglab xodimlari biz bilan birga. Yurtga oralagan ofatdan sizu bizni muhofaza qilmoqdalar. Ommaviy axborot vositalarining ko‘p sonli zahmatkashlari – jamiyatimizning faol fidoyilari hisoblangan jurnalistlar, blogerlar o‘z xizmat vazifalarini xavf demay, xatar demay bajarmoqdalar. Hammalarini YAratganning o‘zi yarlaqasin, panohida asrasin. Biz birgamiz, hamjihatmiz, demak har qanday mushkulotni engishga qodirmiz. Hayot esa davom etmoqda!

Mahmudjon Parpiev,

Oliy Majlis Senatining Fan, ta’lim va sog‘liqni saqlash qo‘mitasi raisining o‘rinbosari