Нашр этиш

O‘tgan haftada Prezidentimiz tomonidan ikkita muhim hujjat qabul qilindi. “O‘zbekiston Respublikasida xalq tabobatini rivojlantirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” hamda “Yovvoyi holda o‘suvchi dorivor o‘simliklarni muhofaza qilish, madaniy holda etishtirish, qayta ishlash va mavjud resurslardan oqilona foydalanish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorlar xalqimiz salomatligini ishonchli muhofaza qilishga qaratilgani bilan diqqatga sazovor voqea bo‘ldi.

 

Covid-19 pandemiyasi bu yorug‘ dunyoda inson salomatligini saqlashdan muhimroq masala yo‘q ekanligini tasdiqlab turibdi. Hatto qudratli davlatlar ham xuruj qilayotgan kasallik oldida ojiz qolmoqda. Mamlakatimizda o‘z vaqtida ko‘rilgan chora va tadbirlar, vaziyat qat’iy nazorat ostiga olingani, xalqimiz karantin tartib va qoidalariga amal qilayotgani natijasida kasallik yoyilishining oldi olinmoqda.

Albatta bu kunlar o‘tkinchi. Hamjihatligimiz, birdamligimiz bilan yuzaga kelgan epedemiologik holatga barham beramiz. Hayot esa davom etmoqda. Yuqorida qabul qilingan qarorlar ertangi kunimiz uchun, xalqimiz sihat-salomatligini barqaror mustahkamlashni ko‘zda tutadi. Umuman keyingi uch yilda Prezidentimiz rahnamoligida sog‘liqni saqlash sohasiga misli ko‘rilmagan darajada e’tibor qaratildi. Bugun koronavirusga qarshi qaratilgan kurash muayyan natijalar berayotgan, soha vakillari o‘z kasbiga yuksak mas’uliyat va fidoyilik bilan yondoshayotgan ekan, bular yuqoridagi sa’y-harakatlarning natijasi, deb qarash lozim.

Yangi qabul qilingan tabobatga oid qaror xalq tabobatining kasalliklarni profilaktika qilish, tashxis qo‘yish va davolash bo‘yicha samarali usullarini zamonaviy tibbiyot amaliyotiga jadal integratsiyalash, fuqarolar salomatligini yanada mustahkamlash, ushbu sohada mutaxassislar tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish hamda ilmiy-tadqiqot ishlarini o‘tkazish tizimini yo‘lga qo‘yishni nazarda tutadi.

“Yovvoyi holda o‘suvchi dorivor o‘simliklarni muhofaza qilish, madaniy holda etishtirish, qayta ishlash va mavjud resurslardan oqilona foydalanish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaror xalqimiz, ayniqsa bu borada muayyan tajribasi bor hamyurtlarimiz tomonidan qizg‘in kutib olindi.

Yaratgan bizlarga ikki daryo oralig‘ini, O‘zbekistonday go‘shani Vatan qilib bergan. Vatanki, zamini oltinga teng, iqlimi me’yorli, fasllari go‘zal va o‘z vaqtida, meva-chevasi tanga rohat, ziroati daromadli, hatto giyohi ko‘zga surtgulik. Biz endilikda sog‘ligimiz garovi bo‘lgan, jaraq-jaraq daromad keltiradigan dorivor giyohlar va o‘simliklardan foydalanish jarayoniga ham munosabatimizni tubdan o‘zgartirmog‘imiz lozim.

Odamzot boshiga kelgan bugungi sinovli kunlar har bir sohada o‘ziga xos echimlarni taqozo etmoqda. Inson immun tizimini kuchaytirish, tabiiy toza ne’matlardan salomatlikni mustahkamlash uchun foydalanish, sog‘lom va pokiza hayotga odatlanish turli kasalliklarga chalinmaslik shartlari ekanini pandemiya tasdiqlab turibdi. Hovlilarimizda, dala va bog‘larimizda unib-o‘sadigan qanchadan-qancha dorivor giyohlar bor. Aksariyati ekologiya nuqtai-nazaridan inson uchun foydali. Oddiy bargizub damlamasi oshqozon-ichak yo‘liga davo, bargining shirasi tirnalgan, engil qon chiqqan jarohatlarga shifo. Yovvoyi oshko‘k, ya’ni petrushka qon-tomirlarini mustahkamlaydi, qonni suyultiradi, deyishadi. Yoki makkajo‘xorining popugidan o‘t haydovchi vosita sifatida keng foydalanish sir emas. Kovatok, ya’ni tokbarg do‘lmasi ishtahani ochib, qonlarimizni yurishtirib, tanamizni tetik qiladi. Bu kabi muqaddas zaminimizda o‘sadigan ming dardga malham ne’matlar juda ko‘p. Prezidentimizning mazkur qarori munosabati bilan bu soha endi tizimli rivojlanadi va xalqimizga chinakam xizmat qiladi.

Mahmudjon Parpiev,

Oliy Majlis Senatining Fan, ta’lim va sog‘liqni saqlash masalalari qo‘mitasi raisining o‘rinbosari