Нашр этиш

Bugun xalqimiz, qolaversa, Namangan ahli og‘ir sinovli kunlarni boshidan kechirayotgan bir vaqtda viloyatimiz hokimi, Oliy Majlis Senati a’zosi Xayrullo Hayitboevich Bozarov aholiga murojaat bilan chiqib, barchani hushyorlik va birdamlikka chaqirdi.

 

Viloyatimizda ham fuqarolarning karantin qoidalariga to‘liq rioya qilmasligi oqibatida koronavirus infeksiyasiga chalinganlar soni kundan kunga ortib bormoqda. Eng yomoni, murojaatda oxirgi aniqlangan bemorlarning kasallikni yuqtirish manbalari noma’lum ekanligi xavotir va kuyunchaklik bilan alohida ta’kidlandi.

Ayni tashvishli va sinovli damlarda, viloyatimiz rahbarlari, shifokorlar hamda mutasaddi tashkilot vakillari kunni kun, tunni tun demay, o‘z jonlarini xatarga qo‘yib, bu baloni tarqalishining oldini olish uchun barcha zarur choralarni ko‘rib bormoqdalar.

SHu o‘rinda xalq vakili sifatida viloyatimizning ko‘p ming sonli ta’lim ahli, ziyolilar va talaba-yoshlaridan viloyat rahbarining ayni fursatda yo‘llangan murojaatiga xayrixohlik bilan labbay, deb javob berishlarini, yaqinlarimiz va mahalladoshlarimizga ibrat bo‘lishlarini so‘rab qolaman. Fidoyilik va jasorat ko‘rsatib, sabr-toqat bilan nafaqat ijrochi, balki barchadan bir saf oldinda turib, faol targ‘ibotchi bo‘lishga va xalqimiz xizmatiga kamarbasta bo‘lishlariga chaqiraman.

Eng avvalo, bizning bosh vazifamiz oilamiz bilan birga uyda bo‘lib, karantin talablariga to‘liq rioya etish, yaqinlarimizning tozalik va sanitariya qoidalariga amal qilishlarini ta’minlashimiz zarur. SHuning asnosida, bu murojaatning mazmun-mohiyatini hayotga tadbiq qilishda yaqinlarimizga namuna bo‘lib, ushbu siyosatni faollardan bo‘lib qo‘llab-quvvatlashimiz kerak. Atrofdagi kishilarda isitma ko‘tarilishi yoki quruq yo‘tal alomatlari borligini bilib qolsangiz, shu zahoti tibbiyot xodimlariga xabar berishingiz eng yaxshi chora hisoblanadi. Bu nafaqat o‘sha insonni, balki uning yaqinlarini ham sog‘lig‘i va hayotini asrab qolishga qo‘shgan ulkan hissangiz bo‘ladi.

Murojaatda xalqimizning “Taqdir Allohdan, tadbir insondan” degan purma’no naqli bejizga keltirilgani yo‘q. Barchamiz ahillikda, bir tanu bir jon bo‘lib, temir intizom bilan tadbirli bo‘lsak va karantin qoidalariga to‘liq rioya etsak, koronavirus pandemiyasini tez fursatlarda engib o‘tish albatta, oson kechadi.

Odiljon Mamatkarimov,

Namangan muhandislik-texnologiya instituti rektori,

xalq deputatlari Namangan viloyati Kengashi deputati