Нашр этиш

Ma’lumki, shu yil 16 aprelda  Prezidentimiz “O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Jamoatchilik palatasini tashkil etish to‘g‘risida”gi Farmonni imzoladi. Mazkur hujjataholining davlat va jamiyat ishlarini boshqarishdagi ishtirokini kengaytirishga xizmat qiladigan amaliy mexanizmni  shakllantirish yo‘lidagi muhim qadam bo‘ldi, deyish mumkin.

 

Bu orqali mamlakatimizning ijtimoiy-iqtisodiy hayotiga oid va jamoatchilikda alohida qiziqish uyg‘otadigan o‘ta muhim masalalarga doir qarorlarni qabul qilishda jamoatchilik bilan maslahatlar, jamoatchilik eshituvlarini o‘tkazish majburiyligini aniq belgilab berish imkoniyati yaratiladi. Davlat boshqaruv organlari ustidan jamoatchilik nazorati yanada kuchaytirilib, jamiyat hayotini demokratlashtirishga qaratilgan jamoatchilik faoliyatini tashkil etish ham  yangi bosqichga ko‘tariladi.

Farmonga muvofiq, Jamoatchilik palatasi  davlat va fuqarolik jamiyati institutlarining hamkorligini ta’minlash orqali ularning jamiyat va davlatni rivojlantirishga qaratilgan faoliyatini birlashtiradi.

Ko‘pchilikning fikriga ko‘ra, Jamoatchilik palatasi birinchi navbatda davlat bilan xalq o‘rtasidagi ko‘prik vazifasini bajarishi kerak. Lekin bunda harakat bir tomonlama bo‘lib qolmasligi lozim. Ya’ni davlat siyosatining u yoki bu masala bo‘yicha mazmun-mohiyatini  aholiga tushuntirish zarur. Shu bilan birga aholi vakillarining taklif va mulohazalari ham davlat organlariga etkazilishi hamda ular asosida ish tashkil qilinishini nazorat ostiga olish  kerak.

Farmonga ko‘ra, Jamoatchilik palatasi va hududiy jamoatchilik palatalari zimmasiga qator muhim vazifalar yuklanadi. Ular turli yo‘nalishlarda o‘rganish va tahlillar o‘tkazadilar hamda natijalar haqida  har chorakda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalari,  xalq deputatlari mahalliy kengashlariga ma’lumot beradilar. Yana bir diqqatga sazovor tomoni shundaki, Jamoatchilik palatasi har yili O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti va Oliy Majlisning ikkala palatasiga mamlakatimizdagi fuqarolik jamiyatining holati va rivojlanish tendensiyalari to‘g‘risida yillik milliy ma’ruzalar taqdim etib boradi. 

Shu o‘rinda fuqarolik jamiyatini rivojlantirish bundan buyon kun tartibidagi muhim masalalardan biriga aylanishini qayd etish lozim. Demak, siyosiy partiyalar zimmasidagi mas’uliyat  yanada ortadi. O‘ylaymizki, “Adolat” SDP ham zamon talabi asosida ish yuritib, eng avvalo, fuqarolik jamiyati institutlarining mamlakat taraqqiyotini ta’minlashga qaratilganbarcha kuch-g‘ayratlarini birlashtirishga ko‘maklashadi. Shuningdek, fuqarolarning davlat va jamiyat ishlaridagi ishtirokini faollashtirishga, fuqarolarda davlat va jamiyat taraqqiyotiga daxldorlik hissini kuchaytirish bo‘yicha izchil ish olib borish lozim.

Qisqasi, yangi tuziladigan jamoatchilik palatasi hammamizga faoliyatning yangi yo‘nalishlarini ochib beradi.

Isroil Jo‘raev, xalq deputatlari Kosonsoy tuman kengashining Nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari bilan hamkorlikda ishlash masalalari bo‘yicha doimiy komissiyasi raisi.