Нашр этиш

Raqamlarga ko‘ra, AQSHda 260 nafar fuqaro, Italiyada 265 nafar fuqaro, Germaniyada 510 nafar, Ozarbayjonda 670 nafar, Gollandiyada 905 nafar, Fransiyada 1 500 nafar, Qozog‘istonda 4 000 nafar fuqaroga bir advokat xizmat ko‘rsatadi. Mamlakatimizda bu ko‘rsatkich 10 000 nafarga to‘g‘ri keladi.

 

Mazkur holatning o‘zi yuridik kadrlarga bo‘lgan ehtiyojning yuqori darajada ekanligini ko‘rsatib turibdi.

Mamlakatimizda amalga oshirilayotgan demokratik va huquqiy islohotlar zamonaviy xalqaro standartlarga javob beradigan yuqori malakali yuridik kadrlarni tayyorlash hamda “yurisprudensiya” yo‘nalishida ta’lim shakli, uslubi va g‘oyasini belgilab beradigan keng o‘ylangan islohotlarni amalga oshirishni taqozo etmoqda.

Davlatimiz rahbari tomonidan 2020 yil 29 aprel kuni imzolangan “O‘zbekiston Respublikasida yuridik ta’lim va fanni tubdan takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Farmon yuridik kadrlarni tayyorlash sohasini yangi bosqichga olib chiqishi bilan ahamiyatlidir.

Mazkur hujjatga ko‘ra, Toshkent davlat yuridik universiteti “yurisprudensiya” mutaxassisligi bo‘yicha yuridik kadrlarni tayyorlash, qayta tayyorlash bo‘yicha bazaviy oliy ta’lim va ilmiy-metodik muassasa etib belgilandi. Shuningdek, Samarqand, Namangan va Termiz davlat universitetlarida yuridik fakultetlar tashkil etilishi, ushbu muassasalarda qabul “yurisprudensiya” yo‘nalishi bo‘yicha belgilangan tartibda shakllantiriladigan va tasdiqlanadigan kvotalar, shu jumladan tabaqalashtirilgan to‘lov kontrakt asosida qo‘shimcha kvotalar asosida amalga oshirilishi belgilandi.

Toshkent davlat yuridik universiteti(TDYUU) magistraturasida bazaviy yuridik ma’lumotga ega bo‘lgan shaxslar uchun ishlab chiqarishdan ajralmagan holda masofaviy, sirtqi va kechki o‘qitish dasturlari joriy etilishi, bazaviy oliy yuridik ma’lumotga ega va davlat boshqaruvi organlarida yuridik yo‘nalish bo‘yicha kamida 5 yil ish stajiga ega rahbar xodimlarni magistraturaga, ishlab chiqarishdan ajralmagan holda o‘qish uchun qabuli, kirish test sinovlarsiz, to‘lov-kontrakt asosida, qabul parametrlaridan tashqari amalga oshirilishi belgilandi.

 Yurisprudensiya yo‘nalishi bo‘yicha bakalavriatni imtiyozli tugatgan bitiruvchilar TDYUU magistraturasiga test sinovlarisiz, to‘lov kontrakt asosda o‘qish qiymatining 50 foizini to‘lagan holda qabul qilinishi, bunda talaba o‘qishni tugatgandan so‘ng kamida 3 yil uzluksiz ishlash majburiyatini olishi tartibi joriy etiladi.

Farmonning yana bir muhim jihati, yuridik kadrlarni tayyorlashga buyurtma shakllantirish tartibi joriy etiladi. Ya’ni, TDYUU, yuridik fakultetlar va yuridik texnikumlarga qabullar soni kelgusida yuridik kadrlarga bo‘lgan ehtiyojlarni hududlar va tarmoqlar kesimida tahlil qilgan holda shakllantiriladi va yuridik kadrlarga bo‘lgan ehtiyojni prognozlashtirish elektron platformasi yaratiladi.

Mazkur omillar islohotlar:

Birinchidan, yuridik kadrlarga bo‘lgan ehtiyojga qarab qabul kvotalari belgilanishi nafaqat davlat sektorida, balki xususiy sektorda ham yuridik kadrlar etishmovchiligi bilan bog‘liq ayrim muammolarning echimi bo‘lishi mumkin;

Ikkinchidan, yuridik kadrlar tayyorlash sifatining oshirilishi hamda kadrlar o‘rtasida raqobatbardoshlilikni yuzaga kelishi maqsad qilib olindi.

Shu kungacha dunyodagi ko‘plab huquq institutlari bilan aloqalar o‘rnatilib, bu borada salmoqli qadamlar qo‘yilgan bo‘lsada, yuridik kadrlarni tayyorlash sohasiga xorijiy tajribalarni o‘rganilishini kengroq joriy etish masalasi hal etilmay kelgan edi. Ijtimoiy munosabatlarning alohida sohalari bo‘yicha samarali huquq modellarini o‘rganish uchun malakali mutaxassislarni esa, etarli deb bo‘lmasdi.

Misol tariqasida, yurtimizda tadbirkorlikni rivojlantirishda xorijiy investitsiyalar g‘oyat zarur, biroq, investor kelib, eng avvalo, o‘z biznesining xavfsizligi va istiqbolini ta’minlash maqsadida, qonunchilik bilan mustahkamlangan shart-sharoitlarni o‘rganadi. Boshqacha aytganda, har qanday mansabdor shaxs kafilligiga olmasin, qonun bilan kafolatlanmagan shart-sharoit uchun hech kim mablag‘ kiritishni istamaydi. Chunki shaxslar bugun bor, ertaga yo‘q bo‘lishi mumkin. Ammo qonunlar barqaror va aqlli tadbirkor har doim qonunga suyanadi.

Davlatning investitsiya jozibadorligini oshirish uchun, mavjud byurokratik to‘siqlarni bekor qilish ya’ni, qonunchilikka tegishli o‘zgartirishlar kiritish lozim.

Buning uchun samarali huquqiy modellarga ehtiyoj paydo bo‘ladi. Ayni vaqtda, tanlagan modelimiz mamlakatimiz manfaatlarini ham himoya qilishi kerak.

Shunday ekan, yuridik ta’lim sohasiga ilg‘or xorijiy kadrlarni jalb etish, ayni vaqtda, xorijiy tajribalar bo‘yicha bilimli kadrlarni tayyorlash hozirgi kunda sohaning dolzarb masalalaridan biri ekanligini, hatto bu masalani hal etishga biroz kech qolgandik desak ham, mubolag‘a bo‘lmaydi.

Farmon bilan, Toshkent davlat yuridik universiteti rektoriga byudjetdan tashqari mablag‘lar hisobidan xorijiy mutaxassislarni konsultant, ma’ruzachi va o‘qituvchi sifatida jalb etish, iqtidorli bitiruvchilari va xodimlarining xorijiy ta’lim va ilmiy muassasalarda va o‘qishi xarajatlari uchun to‘lovlarni hamda o‘quvchilariga stipendiya va grantlar ajratish huquqi berildi.

Ta’kidlash kerakki, zamonaviy huquq sohasida xorijiy davlatlarning ilg‘or tajribasini milliy huquq tizimimizga joriy etish, bunda, xorijiy huquq normalarini joriy etishning ijobiy va salbiy oqibatlari, jamiyatning qabul qilish darajasini belgilash, qolaversa, aholining huquqiy madaniyatini yuksaltirishda xorij tajribasidan keng foydalanish dolzarb masala bo‘lib qolaveradi.

Xulosa qilib aytganda, mazkur sohada bugungi islohotlar oliy ta’lim muassasalari bilan bir qatorda yuridik texnikumlarni ham qamrab olishi, innovatsion g‘oyalarni ilgari surishi va istiqbolli kadrlarni tayyorlashga qaratilganligi bilan yuridik kadrlar tayyorlash sohasidagi eng ilg‘or qadamlardan biri bo‘ldi, deb o‘ylayman.

 

Dilmurod Ismoilov,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati,

Korrupsiyaga qarshi kurashish va sud huquq qo‘mitasi a’zosi