Нашр этиш

Mamlakatda madaniyat o‘sishi, san’atga qiziqish oshishi ko‘plab omillarga bog‘liq. Ularni chuqur tahlil qilmasdan, shunga qarab ta’sirchan choralar belgilamasdan, o‘zgarish, o‘sish bo‘lishi qiyin. Parlament quyi palatasida ayni kunlarda qizg‘in muhokama etilayotgan “Madaniyat to‘g‘risida”gi qonun loyihasini shu nuqtai nazardan chig‘iriqdan o‘tkazishimiz kerak, deb o‘ylayman.

Albatta, qonun loyihasida sohaning huquqiy asoslarini mustahkamlash bo‘yicha muhim masalalar qamrab olinayapti. Ishchi guruh, deputatlar loyiha ustida qattiq ishlayapti. Ularning mehnatini hurmat qilaman.

Shu bilan birga, o‘ylaymanki, har bir qonun hayotdagi muammoli holatlarga echim topib berishi, tegishli qonun taalluqli sohasiga singib ketishi kerak. Qonun bir tomonda hayot boshqa tomonda qolib ketaversa, biz parlamentda o‘tirib reallikdan uzoqlasha boramiz, deb qo‘rqaman.

Madaniyat, san’at sohasida bilimdon emasman. Ammo tadbirkor sifatida xodimlar mehnati, malakasi, mutaxassislik mas’uliyati qanchalik ahamiyatga ega ekanidan ozmi-ko‘pmi xabardorman. Aynan madaniyat sohasida kadrlar masalasi yaxshi emasligi joylarda muammoli holatlarga sabab bo‘lyapti. Qonun loyihasida esa bu masala e’tibordan chetda qolayotgandek.

Men taklif berayapmanki, Madaniyat vazirligining vakolatlariga ko‘shimcha ravishda madaniyat sohasida katta tajribaga ega, lekin ma’lumoti o‘rta yoki pedagogika kollejlarini bitirgan nomutaxasis kadrlarga yuqori malaka darajasini bera olish imkoniyatini nazarda tutish kerak. Vazirlikka bu vakolat berilmasa, joylardagi kadrlar bilan bog‘liq muammolarni samarali hal etish juda qiyin bo‘ladi, deb o‘ylayman.

Hozirgi kunda oddiy bir tumanda madaniyat sohasida 30 nafardan ko‘proq xodim bo‘lsa, ularning bor-yo‘g‘i 2 yoki 3 nafari oliy ma’lumotli mutaxassis xolos. SHahar joylarda vaziyat yaxshiroq bo‘lishi mumkin, lekin mamlakat miqyosidagi umumiy holat haminqadar.

O‘rta yoki o‘rta maxsus ma’lumot bilan yillar davomida ishlab, tajriba orttirgan xodimlar nega endi yuqori malakali mutaxassis bo‘la olmasligi kerak? Biz insonni qo‘lidagi hujjatiga qarab emas, ishga mehri, mas’uliyati, kasbga sadoqatiga qarab ham qadrlashimiz zarur. Aks holda, qonunlar ham, hujjatlar ham rasmiyatchilik botqog‘iga qorishib ketadi.

 

Anvarxon TEMIROV,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati,

O‘zXDP fraksiyasi a’zosi