Xalq deputatlari viloyat Kengashining 2020 yil
13 yanvardagi 01/01-06-sonli qaroriga 1- ilova
Xalq deputatlari viloyat, tuman, shahar Kengashining
REGLAMENTI
I bob. Umumiy qoidalar
1-modda. Viloyatlar, tumanlar va shaharlarda (tumanga bo‘ysunuvchi shaharlardan, shuningdek shaharlar tarkibiga kiruvchi tumanlardan tashqari) xalq deputatlari Kengashlari hokimiyatning vakillik organlaridir.
Xalq deputatlari viloyat, tuman, shahar Kengashi o‘z faoliyatini O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi va «Mahalliy davlat hokimiyati to‘g‘risida»gi, «Xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashi deputatining maqomi to‘g‘risida»gi, O‘zbekiston Respublikasi Saylov kodeksi, O‘zbekiston Respublikasi qonunlari, boshqa normativ-huquqiy hujjatlar hamda xalq deputatlari Kengashining reglamentiga muvofiq amalga oshiradi.
2-modda. Xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar, shuningdek tumanlar va shaharlar Kengashlarining (bundan buyon matnda xalq deputatlari Kengashi deb yuritiladi) faoliyati masalalarni jamoa bo‘lib va erkin muhokama qilishga, oshkoralikka, jamoatchilik fikrini hisobga olishga asoslanadi.
3-modda. Xalq deputatlari Kengashi o‘z faoliyatining asosiy yo‘nalishlarini xalq deputatlari Kengashining sessiyasida (bundan buyon matnda sessiya deb yuritiladi) tasdiqlangan joriy, yillik yoki xalq deputatlari Kengashining vakolatlari muddatiga mo‘ljallangan ish rejasi asosida belgilab oladi. Xalq deputatlari Kengashi faoliyatining asosiy yo‘nalishlarini o‘z ichiga oladigan xalq deputatlari Kengashining ish rejasi asosida xalq deputatlari Kengashi doimiy komissiyalarining ish rejalari tuziladi.
Xalq deputatlari Kengashining ish rejasi xalq deputatlari Kengashi deputatlari (bundan buyon matnda Kengash deputatlari deb yuritiladi), xalq deputatlari Kengashining doimiy komissiyalari (bundan buyon matnda doimiy komissiyalar deb yuritiladi), hokimlikning bo‘lim va boshqarmalari, tegishli hududda joylashgan korxonalar, muassasalar, tashkilotlar, nodavlat notijorat tashkilotlar, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari takliflari, shuningdek hududiy vakillik organi sifatida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati tavsiyalarini inobatga olgan holda ishlab chiqiladi.
Xalq deputatlari Kengashining ish rejasi sessiyada qabul qilinadi va ommaviy axborot vositalarida e’lon qilinadi.
Xalq deputatlari Kengashi ish rejasining bajarilishi uning sessiyalarida, sessiyalar oralig‘ida esa uning doimiy komissiyalari majlislarida muhokama qilinadi.
Xalq deputatlari Kengashining ish rejasiga o‘zgartishlar va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risidagi masala hokim — xalq deputatlari Kengashining rahbari, doimiy komissiyalar va Kengash deputatlarining taklifiga binoan sessiyada ko‘rib chiqiladi. Ushbu masala yuzasidan qaror xalq deputatlari Kengashining reglamentida belgilangan tartibda qabul qilinadi.
Xalq deputatlari Kengashining ish rejasi bajarilishini tashkil etish, shuningdek doimiy komissiyalarning ish rejalari doimiy komissiyalar tomonidan o‘z vaqtida ijro qilinishi uchun hokim — xalq deputatlari Kengashining rahbari mas’ul hisoblanadi.
4-modda. Xalq deputatlari Kengashi ishini hokim — xalq deputatlari Kengashining rahbari tashkil etadi va unga rahbarlik qiladi.
Hokim – xalq deputatlari Kengashining rahbari o‘z faoliyati haqida xalq deputatlari Kengashi oldida hisobot beradi.
Xalq deputatlari Kengashining vakolat muddati — besh yil.
5-modda. Xalq deputatlari Kengashi tegishli hudud uchun umumiy bo‘lgan ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish vazifalarining amalga oshirilishini, joylarda O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi va O‘zbekiston Respublikasining qonunlari, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining qarorlari, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari va qarorlari, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlari, yuqori turuvchi xalq deputatlari Kengashi va hokimning qarorlari ijro etilishini, O‘zbekiston Respublikasi davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari bilan fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari o‘rtasidagi aloqani, aholini tegishli hududni boshqarishga jalb etishni ta’minlaydi.
Xalq deputatlari Kengashi tegishli hududda o‘zini o‘zi boshqarishning rivojlanishiga ko‘maklashadi, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlarining faoliyatini yo‘naltirib turadi.
6-modda. Xalq deputatlari Kengashining asosiy vakolatlariga quyidagilar kiradi:
hokim — xalq deputatlari Kengashi rahbarining taqdimiga binoan mahalliy byudjetni va uning ijro etilishi haqidagi hisobotni, hududni rivojlantirishning istiqbolli dasturlarini, viloyat, tuman, shaharning bosh rejasi va ularni qurish qoidalarini tasdiqlash;
qonun hujjatlariga muvofiq mahalliy soliqlar va boshqa majburiy to‘lovlar miqdorlarini belgilash, mahalliy soliqlar bo‘yicha imtiyozlar berish;
hokim — xalq deputatlari Kengashi rahbarini va uning o‘rinbosarlarini lavozimga tasdiqlash, hokimni va uning o‘rinbosarlarini lavozimdan ozod etish, ularning faoliyati haqidagi hisobotlarni tinglash;
«Mahalliy davlat hokimiyati to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunida nazarda tutilgan hollarda hokim — xalq deputatlari Kengashi rahbari qarorlarini tasdiqlash;
xalq deputatlari Kengashining reglamentini, doimiy va muvaqqat komissiyalar to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash, ularga o‘zgartishlar va qo‘shimchalar kiritish;
xalq deputatlari Kengashining doimiy va muvaqqat komissiyalarini, boshqa organlarini tuzish, saylash va tugatish, ularning tarkibini o‘zgartirish, ularning ishi haqidagi hisobotlarni tinglash;
qonun hujjatlarida belgilangan hollarda va tartibda Kengash deputatlarining vakolatlarini e’tirof etish va muddatidan oldin tugatish, ularni javobgarlikka tortish uchun rozilik berish;
ijro hokimiyati bo‘limlari, boshqarmalari, boshqa tarkibiy bo‘linmalari rahbarlarining hisobotlarini tinglash;
Kengash deputatlarining so‘rovlarini ko‘rib chiqish va ular yuzasidan qarorlar qabul qilish;
hokim — xalq deputatlari Kengashi rahbarining va quyi xalq deputatlari Kengashining O‘zbekiston Respublikasi qonunlariga mos kelmaydigan qarorlarini bekor qilish;
hokim — xalq deputatlari Kengashi rahbarining taqdimiga binoan hokimlik tuzilmalarini, uning xodimlari shtatlari va mehnatga haq to‘lash fondini tasdiqlash.
Xalq deputatlari Kengashlari fuqarolarning huquqlari va qonuniy manfaatlari, ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishni ta’minlash, atrof muhitni muhofaza qilish, tashkiliy masalalar va O‘zbekiston Respublikasining qonun hujjatlariga muvofiq nazorat qilish sohasidagi o‘z vakolatlariga taalluqli boshqa masalalarni ham hal qiladilar.
7-modda. Xalq deputatlari Kengashi berilgan vakolatlari doirasida umum manfaatini ifodalovchi tadbirlarni o‘tkazish maqsadida Qoraqalpog‘iston Respublikasining, O‘zbekiston Respublikasining boshqa viloyatlari, tumanlari va shaharlarining davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari bilan shartnomaviy munosabatlar o‘rnatishga haqlidir.
8-modda. Xalq deputatlari Kengashi o‘z faoliyatini sessiyalar, doimiy va muvaqqat komissiyalar, xalq deputatlari Kengashining boshqa organlari orqali, shuningdek Kengash deputatlarining O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari va xalq deputatlari Kengashining reglamentida belgilangan tartibda o‘z vakolatlarini ro‘yobga chiqarish yo‘li bilan amalga oshiradi.
II bob. Sessiya chaqirish va o‘tkazish
9-modda. «Mahalliy davlat hokimiyati to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga muvofiq xalq deputatlari Kengashining asosiy ish shakli sessiyadir.
Sessiya O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari bilan xalq deputatlari Kengashi vakolatiga kiritilgan har qanday masalani ko‘rib chiqishga haqli.
10-modda. Sessiyalar hokim — xalq deputatlari Kengashining rahbari, u yo‘qligida esa uning o‘rinbosarlaridan biri tomonidan zaruratga qarab, biroq yiliga kamida ikki marta chaqiriladi.
Sessiyalar xalq deputatlari Kengashi deputatlarining kamida uchdan ikki qismi tashabbusi bilan chaqirilishi mumkin.
11-modda. Sessiyaning kun tartibi hokim — xalq deputatlari Kengashining rahbari, partiyalar va deputatlar guruhlari, doimiy komissiyalar va Kengash deputatlari tomonidan bildirilgan takliflarni inobatga olgan holda tayyorlanadi.
Sessiya muhokamasiga kiritilayotgan eng muhim va dolzarb ahamiyatga ega masalalarni tayyorlash uchun hokim — xalq deputatlari Kengashining rahbari tomonidan tegishli tarmoqlar mutaxassislari hamda olimlarni jalb etgan holda ishchi guruh tashkil etilishi mumkin. Ishchi guruh masalani tayyorlash vaqtida saylovchilar, hokimlikning bo‘limlari, boshqarmalari va boshqa tarkibiy bo‘linmalari, shuningdek tegishli hududdagi korxonalar, muassasalar, tashkilotlar, nodavlat notijorat tashkilotlar, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlarining fikr-mulohazalarini hisobga oladi.
Sessiya muhokamasiga kiritilayotgan masalalar dastlabki tarzda tegishli doimiy komissiyalar tomonidan ko‘rib chiqiladi, ular tomonidan tayyorlangan qaror loyihalari va kun tartibi bo‘yicha boshqa hujjatlar hokim — xalq deputatlari Kengashining rahbariga beriladi.
Sessiyada ko‘rib chiqilishi kerak bo‘lgan masalalar sessiya kun tartibi loyihasiga ularni ko‘rib chiqish navbati, har bir masalani ko‘rib chiqish uchun tayyorlashga mas’ul bo‘lgan doimiy komissiyalar, ma’ruzachilar (qo‘shimcha ma’ruzachilar), shuningdek boshqa ma’lumotlar kiritilgan holda tuziladi.
Sessiya kun tartibi xalq deputatlari Kengashining qarori bilan tasdiqlanadi.
12-modda. Sessiyani, shu jumladan navbatdan tashqari sessiyani chaqirish haqidagi qaror hokim — xalq deputatlari Kengashining rahbari tomonidan qabul qilinadi.
Sessiya o‘tkaziladigan vaqt, sana va joy hamda kun tartibi Kengash deputatlari e’tiboriga sessiya ochilishidan kamida etti kun oldin etkaziladi. Kengash deputatlariga tanishib chiqish uchun tegishli hujjatlar ham yuboriladi.
Sessiyani chaqirish to‘g‘risidagi xabar ommaviy axborot vositalari orqali e’lon qilinishi mumkin.
Sessiyalar ochiq, oshkora o‘tkaziladi va ommaviy axborot vositalari tomonidan yoritiladi.
Zarur hollarda xalq deputatlari Kengashi yopiq sessiya o‘tkazish to‘g‘risida qaror qabul qilishi mumkin. Bunday qaror, agar bu haqdagi taklif hokim — xalq deputatlari Kengashining rahbari, doimiy komissiyalar, partiyalar yoki deputatlar guruhlari tomonidan kiritilgan bo‘lsa, qabul qilinishi mumkin. Yopiq sessiya o‘tkazish to‘g‘risidagi qaror Kengash deputatlari umumiy sonining kamida uchdan ikki qismining ovozi bilan qabul qilinadi.
13-modda. Agar sessiyada Kengash deputatlari umumiy sonining kamida uchdan ikki qismi hozir bo‘lsa, u vakolatli hisoblanadi.
Kengash deputatlarini ro‘yxatga olish sessiya ochilishidan oldin va uning ishidagi har bir tanaffusdan keyin amalga oshiriladi.
Agar sessiyalarni o‘tkazishga mo‘ljallangan binoda elektron ovoz berish tizimidan foydalanish ko‘zda tutilgan bo‘lsa, har bir Kengash deputati uchun doimiy o‘rin ajratiladi.
14-modda. Sessiyalar ishi davlat tilida olib boriladi va zarurat bo‘lganda xalq deputatlari Kengashining qarori asosida boshqa tillarga sinxron tarjima ta’minlanadi.
15-modda. Sessiyalarda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining a’zolari, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining deputatlari, shuningdek tegishli hududdagi davlat organlari, korxonalar, muassasalar, tashkilotlar, nodavlat notijorat tashkilotlar, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari, ommaviy axborot vositalarining taklif etilgan vakillari hamda boshqa shaxslar hozir bo‘lishi mumkin.
Sessiyaga taklif etilgan shaxslar muhokama etilayotgan masalalar yuzasidan qaror qabul qilishda ovoz berish huquqiga ega emas, shuningdek xalq deputatlari Kengashining reglamentida belgilangan tartibga rioya qilishlari va raislik qiluvchining farmoyishlariga bo‘ysunishlari shart.
Sessiyaga taklif qilinadigan shaxslarning soni va tarkibi hokim — xalq deputatlari Kengashining rahbari tomonidan hal etiladi.
Sessiyada raislik qiluvchi sessiyaga taklif etilgan shaxslar tarkibi va soni to‘g‘risida Kengash deputatlariga axborot beradi.
Sessiyaga taklif qilingan shaxslar uchun majlislar zalida maxsus joylar ajratiladi.
16-modda. Yangi saylangan xalq deputatlari Kengashining birinchi sessiyasi hokim tomonidan saylovdan keyin kechi bilan uch hafta muddat ichida chaqiriladi.
Birinchi sessiya Kengash keksa deputatlaridan biri tomonidan ochiladi, u xalq deputatlari Kengashi tomonidan xalq deputatlari Kengashining rahbari tasdiqlangunga qadar sessiyani boshqaradi.
Sessiyalarda hokim — xalq deputatlari Kengashining rahbari, u yo‘qligida esa xalq deputatlari Kengashining qaroriga yoki hokim topshirig‘iga binoan mazkur xalq deputatlari Kengashining deputatlaridan biri raislik qiladi.
17-modda. Kengash deputatlarining vakolatlarini tasdiqlash to‘g‘risidagi qaror yangi saylangan xalq deputatlari Kengashining birinchi sessiyasida saylovni o‘tkazgan saylov komissiyasining taqdimiga muvofiq qabul qilinadi.
Bo‘shab qolgan deputatlik o‘rniga saylov o‘tkazilganida Kengash deputatining vakolatini tasdiqlash to‘g‘risidagi qaror ham sessiyada saylov komissiyasining taqdimiga muvofiq qabul qilinadi.
18-modda. Sessiya o‘z ishini kun tartibini tasdiqlashdan boshlaydi.
Sessiya kun tartibidagi masalalar raislik qiluvchi tomonidan bandma-band yoki butunlay ovozga qo‘yilishi mumkin.
Sessiyaning kun tartibi bo‘yicha taklif va mulohazalar Kengash deputatlari tomonidan og‘zaki yoki yozma shaklda beriladi va sessiyada raislik qiluvchi tomonidan ularning kelib tushish tartibi bo‘yicha e’lon qilinadi.
Sessiya kun tartibi bo‘yicha qaror Kengash deputatlari bildirgan takliflarni hisobga olgan holda qabul qilinadi.
19-modda. Har bir sessiyani o‘tkazish vaqtida Kengash deputatlari orasidan sessiya kotibi saylanadi yoki sessiya kotibiyati tuziladi.
Sessiya kotibi yoki kotibiyati:
so‘zga chiquvchilarning ro‘yxatini olib boradi;
deputat so‘rovlarini, Kengash deputatlaridan tushadigan savollar, ma’lumotnomalar, xabarlar, arizalar, takliflar va boshqa materiallarni ro‘yxatga oladi;
so‘zga chiqish uchun yozilganlarning ro‘yxati va tushgan materiallar haqida raislik qiluvchiga axborot beradi;
sessiya ishiga taalluqli masalalar yuzasidan Kengash deputatlariga tushuntirishlar beradi;
sessiya yakunlari yuzasidan axborot tayyorlaydi;
bayonnoma yoki stenogramma yuritilishini tashkil etadi.
Sessiyada sessiya kotibi yoki kotibiyati tomonidan tayyorlangan axborot tinglanadi.
20-modda. Sessiyada bayonnoma yoki zarur hollarda stenogramma yuritiladi. Sessiya bayonnomasi raislik qiluvchi va kotib tomonidan imzolanadi.
Sessiya bayonnomasida quyidagilar ko‘rsatiladi:
xalq deputatlari Kengashining nomi, sessiyaning tartib raqami (VI-chaqiriq doirasida);
sessiyani o‘tkazish vaqti, sanasi va joyi hamda sessiya kun tartibi;
hozir bo‘lgan va qatnashmayotgan Kengash deputatlari soni, shuningdek taklif etilgan shaxslarning soni;
sessiyaning kun tartibi, sessiya muhokamasiga kiritilgan har bir masala yuzasidan har bir ma’ruzachi va qo‘shimcha ma’ruzachining familiyasi hamda lavozimi;
muzokaralarda so‘zga chiqqan, shuningdek ma’ruzachilar va qo‘shimcha ma’ruzachilarga so‘rovlar yo‘llagan yoki savollar bergan (yozma yoki og‘zaki shaklda) Kengash deputatlarining familiyalari, saylov okruglarining raqami va lavozimlari;
qabul qilingan, «yoqlayman», «qarshiman» yoki «betarafman» deb berilgan ovozlar soni ko‘rsatilgan qarorlar ro‘yxati.
Bayonnomada sessiya kun tartibiga qo‘yilgan masalalarning mohiyati ochib beriladi, sessiya davomida so‘zlangan nutqlarning mohiyati qisqacha bayon etiladi, shuningdek sessiya kun tartibidagi masalalar yuzasidan ovoz berish yakunlari qayd etiladi.
Sessiyaning bayonnomasiga Kengash deputatlari va taklif etilgan shaxslarning sessiyadagi ma’ruzalari matnlari, sessiyada hozir bo‘lgan va qatnashmayotgan Kengash deputatlari ro‘yxati, taklif etilgan shaxslar ro‘yxati va boshqa materiallar ilova qilinadi.
Sessiya bayonnomasi yoki stenogrammasi sessiya tugaganidan so‘ng uch kundan kechiktirmay tayyorlanadi va sessiya vaqtida raislik qilgan shaxs hamda kotib tomonidan imzolanadi.
Sessiya bayonnomasi va stenogrammasining asl nusxasi hokimlikning tashkiliy-nazorat guruhida saqlanadi.
Sessiya bayonnomasi yoki stenogrammasi Kengash deputatlarining talabiga binoan tanishib chiqish uchun ularga berilishi mumkin.
Yopiq sessiya bayonnomasi va stenogrammasi hokimlikning tegishli bo‘limida «maxfiy hujjat» belgisi bilan saqlanadi.
Yopiq sessiya bayonnomasi va stenogrammasi unga umumlashtirilgan materiallar bilan Kengash deputatlarini tanishtirish bevosita hokimiyat apparatida tilxat olinib amalga oshiriladi.
21-modda. Sessiyada raislik qiluvchi:
sessiya ishining umumiy borishiga rahbarlik qiladi, xalq deputatlari Kengashining reglamentiga rioya etilishini ta’minlaydi;
ma’ruzachilar, qo‘shimcha ma’ruzachilarga va muzokaralarda so‘zga chiquvchilarga navbati bilan so‘z beradi;
zarur hollarda sababini tushuntirib, so‘zga chiqish tartibini o‘zgartiradi;
muhokama qilinayotgan masala yuzasidan xohlagan paytda so‘zga chiqishi mumkin;
xalq deputatlari Kengashining reglamentida belgilangan tartibni qo‘pol ravishda buzgan Kengash deputati yoki ishtirokchini tartibga chaqiradi;
Kengash deputatlarining yozma so‘rovlari, arizalari, takliflari, fikr-mulohazalarini o‘qib eshittiradi;
Kengash deputatiga deputat so‘rovi, savol, taklif, fikr-mulohaza yuzasidan so‘zga chiqish, shuningdek sessiyani olib borish tartibi bo‘yicha e’tirozlar bildirish uchun, qaror loyihalariga tuzatish, ovoz berish masalasi bo‘yicha takliflar kiritish uchun uning iltimosiga ko‘ra so‘z beradi;
muhokama tugaganidan keyin qarorlar loyihalarini ovozga qo‘yadi va ovoz berish natijalarini e’lon qiladi;
sessiyada qabul qilingan qarorlarni va sessiya bayonnomalarini imzolaydi;
muhokama jarayonida so‘zga chiqqan Kengash deputatlari yoki boshqa ishtirokchilar fikrini biron-bir tarzda baholash yoxud sharhlashdan, shuningdek qaror qabul qilishda tazyiq o‘tkazishdan o‘zini tiyishi lozim.
Sessiyada raislik qiluvchi:
xalq deputatlari Kengashining reglamenti talablari qo‘pol ravishda buzilgan taqdirda Kengash deputatini ogohlantirishga, takroran buzishga yo‘l qo‘yilganida esa, uni butun sessiya kuni davomida so‘zdan mahrum qilishga;
sessiya ishiga xalaqit berayotgan taklif qilingan shaxslarni sessiya zalidan chiqarib yuborishga haqli.
22-modda. Hududni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish masalalarini va eng muhim muammolarni muhokama etish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati qo‘mitalari (komissiyalari) va xalq deputatlari Kengashining qo‘shma majlislari o‘tkazilishi mumkin.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining qo‘mitasi (komissiyasi) va xalq deputatlari Kengashining qo‘shma majlisi O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati qo‘mitasining (komissiyasining) raisi va hokim — xalq deputatlari Kengashining rahbari o‘rtasida kelishuv bo‘yicha o‘tkaziladi.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining qo‘mitasi (komissiyasi) va xalq deputatlari Kengashining qo‘shma majlisi kun tartibidagi masalalar O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining qo‘mitasi (komissiyasi) tomonidan xalq deputatlari Kengashining tegishli doimiy komissiyasi bilan hamkorlikda tayyorlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining qo‘mitasi (komissiyasi) va xalq deputatlari Kengashining qo‘shma majlisini chaqirish, uni o‘tkazish vaqti, sanasi va joyi hamda boshqa masalalar xalq deputatlari Kengashining reglamentiga muvofiq O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati qo‘mitasining (komissiyasining) raisi va hokim — xalq deputatlari Kengashining rahbari o‘rtasida kelishuv bo‘yicha hal etiladi.
III bob. Sessiyada masalalarni ko‘rib chiqish tartibi
23-modda. Xalq deputatlari Kengashi o‘z sessiyalarida vakolatlari doirasida qonuniylik va huquqiy-tartibotni, fuqarolarning xavfsizligini ta’minlash, tegishli hududning iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy rivojlantirish, mahalliy byudjetni shakllantirish hamda uni ijro etish, mahalliy soliq va boshqa majburiy to‘lovlar miqdorlarini belgilash, atrof muhitni muhofaza qilish va qonun hujjatlariga muvofiq boshqa masalalarni ko‘rib chiqadi hamda tegishli qarorlarni qabul qiladi.
24-modda. Sessiya muhokamasiga kiritilgan kun tartibidagi har bir masala, jumladan mahalliy byudjet to‘g‘risidagi va uning ijrosi haqidagi hisobot, hokim — xalq deputatlari Kengashining rahbari va uning o‘rinbosarlari, hokimlik bo‘limlari, boshqarmalari va boshqa bo‘linmalari faoliyati haqidagi hisobotlar tinglanadi hamda erkin muhokama qilinadi.
Muhokama jarayoni mazkur masala yuzasidan hokim — xalq deputatlari Kengashining rahbari, uning o‘rinbosarlari, doimiy komissiyalar raislarining ma’ruzalari va qo‘shimcha ma’ruzalarini yoki Kengash deputatlarining ma’ruzalari va qo‘shimcha ma’ruzalarini tinglash, shuningdek taklif etilgan shaxslarning fikr bildirishi shaklida amalga oshiriladi.
Ayrim hollarda muhokama etilayotgan masalaning mazmunini hisobga olgan holda, sessiya mazkur masalaning mazmuniga doir qisqacha axborotni tinglab yoki doimiy komissiyalar raislari yoxud Kengash deputatlarining tushuntirishlari bilan cheklanib, uni muhokama etmasdan qaror qabul qilishi mumkin.
25-modda. Sessiyada raislik qiluvchi tomonidan ma’ruzachilar va qo‘shimcha ma’ruzachilar bilan kelishuvga ko‘ra, qoida tariqasida, ma’ruza uchun — 30 daqiqagacha, qo‘shimcha ma’ruza uchun — 20 daqiqagacha va yakunlovchi so‘z uchun 15 daqiqagacha vaqt belgilanadi.
Muzokaralarda so‘zga chiquvchi Kengash deputatlariga 10 daqiqagacha vaqt beriladi. Muzokaralarda takroran so‘zga chiqish uchun, shuningdek sessiya ishini olib borish tartibi, ovoz berish asoslari, nomzodlar bo‘yicha so‘zga chiqish uchun, arizalar, savollar, takliflar, xabarlar, ma’lumotlar uchun 3 daqiqagacha vaqt beriladi.
Sessiyada hozir bo‘lgan Kengash deputatlari ko‘pchiligining roziligi bilan raislik qiluvchi sessiya kun tartibiga kiritilgan masalani muhokama qilishning umumiy vaqtini, savollar va javoblar uchun ajratiladigan vaqtni belgilab qo‘yishi, so‘zlash vaqtini uzaytirishi mumkin.
Sessiyalarda Kengash deputati ayni bir masala bo‘yicha muzokaralarda ko‘pi bilan ikki marta so‘zga chiqishi mumkin.
Muzokaralarni to‘xtatish to‘g‘risida qaror qabul qilingandan keyin ma’ruzachi va qo‘shimcha ma’ruzachi yakunlovchi so‘zni aytish huquqiga ega.
Agar so‘zga chiquvchi ajratilgan vaqtdan ortiq so‘zlasa yoki muhokama etilayotgan masala yuzasidan fikr bildirmayotgan bo‘lsa, sessiyada raislik qiluvchi uni avval ogohlantirib, keyin so‘zdan mahrum qiladi.
IV bob. Sessiyada qarorlar qabul qilish va ularni e’lon qilish tartibi
26-modda. Sessiyada qarorlar ochiq ovoz berish yo‘li bilan qabul qilinadi. Zarur hollarda xalq deputatlari Kengashi qaroriga asosan yashirin ovoz berish o‘tkazilishi mumkin.
Elektron ovoz berish tizimlari o‘rnatilgan zallarda ochiq yoki yashirin ovoz berish elektron ovoz berish tizimidan foydalangan holda o‘tkaziladi.
27-modda. Kengash deputati o‘zining ovoz berish huquqini shaxsan amalga oshiradi.
Har bir Kengash deputati bir ovozga ega bo‘ladi va muhokama qilinayotgan masala yuzasidan «yoqlayman», «qarshiman» yoki «betarafman» deb ovoz beradi.
Ovoz berish vaqtida hozir bo‘lmagan Kengash deputati keyinchalik ovoz berishga haqli emas.
Ochiq ovoz berish ovozlar mutlaq ko‘pchilikni tashkil etgan taqdirda ovozlarni sanamasdan, agar faqat Kengash deputatlaridan hech biri boshqacha tartibni taklif etmasa yoki ovozlarni qayta sanab chiqishni talab qilmasa, o‘tkazilishi mumkin.
28-modda. Sessiyalarda yashirin ovoz berishni o‘tkazish va uning natijalarini hisoblash uchun Kengash deputatlari orasidan sanoq komissiyasi saylanadi.
Sanoq komissiyasi o‘z tarkibidan komissiya raisi va kotibini saylaydi. Sanoq komissiyasining qarorlari komissiya a’zolarining ko‘pchilik ovozi bilan qabul qilinadi.
29-modda. Sessiyada yashirin ovoz berishni byulletenlardan foydalangan holda o‘tkazish to‘g‘risida qaror qabul qilingan taqdirda, ovoz berish uchun zarur axborotga ega bo‘lgan yashirin ovoz berish byulletenlari sanoq komissiyasi nazorati ostida tayyorlanadi.
Yashirin ovoz berish o‘tkaziladigan vaqti va joyi, uni o‘tkazish tartibi sanoq komissiyasi tomonidan belgilanadi.
30-modda. Yashirin ovoz berish byulletenlar yordamida o‘tkazilganida sanoq komissiyasi har bir Kengash deputatiga bittadan byulleten beradi.
Byulletenni to‘ldirish Kengash deputati tomonidan yashirin ovoz berish kabinasida yoki xonasida byulletendagi o‘zi yoqlab ovoz berayotgan nomzod familiyasining qarshisida o‘ng tomonda joylashgan bo‘sh katakka belgi-krestik qo‘yish, qaror loyihasiga oid byulletenda esa, agar u tegishli qarorni yoqlab ovoz berayotgan bo‘lsa, «qarshiman» degan so‘zni o‘chirish, taklif etilayotgan qarorga (qaror variantiga) qarshi ovoz berayotgan bo‘lsa, yoxud «yoqlayman» degan so‘zni o‘chirish orqali amalga oshiriladi.
Belgilanmagan shakldagi byulletenlar, shuningdek Kengash deputatlarining xohish-irodasini aniqlashga imkon bermagan byulletenlar Kengash deputatlarining ovozlarini hisoblab chiqish vaqtida haqiqiy emas deb topiladi. Byulletenga kiritilgan qo‘shimchalar ovozlarni hisoblab chiqish vaqtida e’tiborga olinmaydi.
31-modda. Agar sessiyada elektron ovoz berish tizimi yordamida yashirin ovoz berishni o‘tkazish to‘g‘risida qaror qabul qilingan bo‘lsa, sanoq komissiyasi ovoz berish boshlanishidan oldin elektron tizimning sozligini tekshirishi hamda yashirin ovoz berish uchun Kengash deputatlari umumiy soni bo‘yicha kartochkalarning to‘liq komplektini ro‘yxatga olishi kerak.
32-modda. Ochiq yoki yashirin ovoz berish natijalari to‘g‘risida sanoq komissiyasi bayonnoma tuzadi, u komissiyaning barcha a’zolari tomonidan imzolanadi.
Sanoq komissiyasining ma’ruzasiga asosan xalq deputatlari Kengashi yashirin ovoz berish natijalarini tasdiqlash to‘g‘risida ochiq ovoz berish yo‘li bilan qaror qabul qiladi.
33-modda. Sessiyada qabul qilingan qarorlar raislik qiluvchi tomonidan imzolangan vaqtdan e’tiboran, agar hujjatning o‘zida boshqacha tartib nazarda tutilgan bo‘lmasa, kuchga kiradi.
Xalq deputatlari Kengashi tomonidan o‘z vakolatlari doirasida qabul qilingan qarorlar tegishli hududda joylashgan barcha davlat organlari, korxonalar, muassasalar, tashkilotlar, nodavlat notijorat tashkilotlar, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari, mansabdor shaxslar va fuqarolar tomonidan ijro etilishi majburiydir.
Xalq deputatlari Kengashining qarorlari uning doimiy komissiyalariga, hokimlikning bo‘limlari, boshqarmalari va boshqa tarkibiy bo‘linmalari, tegishli davlat organlariga, korxonalar, muassasalar, tashkilotlar, nodavlat notijorat tashkilotlar, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari, mansabdor shaxslarga va quyi turuvchi hokimliklarga tarqatiladi.
Tegishli hududni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish masalalari bo‘yicha sessiyada qabul qilingan qarorlar va boshqa muhim qarorlar ommaviy axborot vositalarida e’lon qilinadi.
V bob. Viloyat (Toshkent shahar) hokimi — xalq deputatlari Kengashining rahbarini tasdiqlash tartibi
34-modda. Viloyat (Toshkent shahar) hokimi — xalq deputatlari Kengashi rahbarining nomzodlari O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan tegishli xalq deputatlari Kengashlaridagi partiya guruhlarining har biri bilan maslahatlashuvlar o‘tkazilganidan so‘ng xalq deputatlari viloyat (Toshkent shahar) Kengashiga tasdiqlash uchun taqdim etiladi.
35-modda. Viloyat (Toshkent shahar) hokimi — xalq deputatlari Kengashi rahbarining nomzodini tasdiqlash to‘g‘risidagi masalani tegishli xalq deputatlari Kengashi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan taqdimnoma kiritilgan kundan e’tiboran uch kun ichida ko‘rib chiqadi.
36-modda. Viloyat (Toshkent shahar) hokimi — xalq deputatlari Kengashining rahbari lavozimiga nomzodga Kengash deputatlarining savollariga javob berish uchun 30 daqiqagacha vaqt ajratiladi. Nomzodni sessiyada muhokama qilish uchun 20 daqiqagacha vaqt ajratiladi.
37-modda. Xalq deputatlari Kengashining viloyat (Toshkent shahar) hokimi — xalq deputatlari Kengashining rahbari nomzodini tasdiqlash yoki rad etish to‘g‘risidagi qarori ochiq ovoz berish yo‘li bilan qabul qilinib, kechi bilan uch kun ichida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentiga yuboriladi.
38-modda. Tegishli xalq deputatlari Kengashi deputatlari umumiy sonining ko‘pchilik ovozini olgan viloyat (Toshkent shahar) hokimi — xalq deputatlari Kengashi rahbarining nomzodi tasdiqlangan hisoblanadi.
39-modda. Agar ovoz berish vaqtida viloyat (Toshkent shahar) hokimi — xalq deputatlari Kengashi rahbarining nomzodlari tegishli xalq deputatlari Kengashi deputatlari umumiy sonining ko‘pchilik ovozini ololmasa, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti mazkur lavozimlarga nomzodlarni partiya guruhlari bilan qo‘shimcha maslahatlashuvlar o‘tkazganidan so‘ng bir oy ichida yana ikki marta taqdim etish huquqiga ega.
40-modda. Tegishli xalq deputatlari Kengashi taqdim etilgan viloyat (Toshkent shahar) hokimi — xalq deputatlari Kengashi rahbarining nomzodlarini uch marta rad etgan taqdirda, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti viloyat (Toshkent shahar) hokimi vazifasini bajaruvchini tayinlash, tegishli xalq deputatlari Kengashini tarqatib yuborish huquqiga ega. Bunda xalq deputatlari viloyat (Toshkent shahar) Kengashiga saylov tarqatib yuborish to‘g‘risida qaror qabul qilingan kundan e’tiboran uch oy ichida o‘tkaziladi.
VI bob. Tuman, shahar hokimi — xalq deputatlari Kengashining rahbarini tasdiqlash tartibi
41-modda. Tuman, shahar hokimi — xalq deputatlari Kengashi rahbarining nomzodlari viloyat hokimi tomonidan xalq deputatlari tuman, shahar Kengashiga tasdiqlash uchun taqdim etiladi.
42-modda. Tuman, shahar hokimi — xalq deputatlari Kengashi rahbarining nomzodlarini tasdiqlash to‘g‘risidagi masala tegishli xalq deputatlari Kengashi viloyat hokimi tomonidan taqdimnoma kiritilgan kundan e’tiboran, qoida tariqasida, uch kun ichida ko‘rib chiqiladi.
43-modda. Tuman, shahar hokimi — xalq deputatlari Kengashining rahbari lavozimiga nomzodga deputatlarning savollariga javob berish uchun 20 daqiqagacha vaqt ajratiladi. Nomzodni sessiyada muhokama qilish uchun 10 daqiqagacha vaqt ajratiladi.
44-modda. Xalq deputatlari Kengashining tuman, shahar hokimi — xalq deputatlari Kengashi rahbarining nomzodini tasdiqlash to‘g‘risidagi qarori ochiq ovoz berish yo‘li bilan qabul qilinib, kechi bilan uch kun ichida viloyat hokimiga yuboriladi.
45-modda. Tegishli xalq deputatlari Kengashi deputatlari umumiy sonining ko‘pchilik ovozini olgan tuman, shahar hokimi — xalq deputatlari Kengashi rahbarining nomzodi tasdiqlangan hisoblanadi.
VII bob. O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining a’zolarini saylash tartibi
46-modda. O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining a’zolari (bundan buyon matnda Senat a’zolari deb yuritiladi) Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashlari deputatlarining qo‘shma majlislarida Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridan teng miqdorda — olti kishidan mazkur deputatlar orasidan yashirin ovoz berish yo‘li bilan saylanadi.
47-modda. O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi (bundan buyon matnda Markaziy saylov komissiyasi deb yuritiladi) Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, xalq deputatlari viloyat, tuman, shahar Kengashlariga saylov yakunlari e’lon qilinganidan keyin uch kunlik muddatda Senat a’zolarini saylash uchun deputatlarning qo‘shma majlislari (bundan buyon matnda qo‘shma majlis deb yuritiladi) o‘tkazilishini e’lon qiladi.
Markaziy saylov komissiyasining Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar, shuningdek Toshkent shahrida qo‘shma majlislarni o‘tkazish vaqti, sanasi va joyi ko‘rsatilgan qarori ommaviy axborot vositalarida e’lon qilinadi.
48-modda. Qo‘shma majlis ochilishi oldidan Kengashlar deputatlari ro‘yxatdan o‘tkaziladi.
Agar qo‘shma majlisda, Kengashlar deputatlari umumiy sonining kamida uchdan ikki qismi hozir bo‘lsa, u vakolatli hisoblanadi.
Qo‘shma majlis ishida Markaziy saylov komissiyasining vakili ishtirok etishi shart.
49-modda. Qo‘shma majlisni Markaziy saylov komissiyasining vakili ochadi. U majlisda raislik qiluvchining nomzodi bo‘yicha taklif kiritadi, bu nomzod eng obro‘li, katta tajribaga ega, yoshi ulug‘ Kengashlar deputatlari orasidan tanlab olinadi.
Qo‘shma majlis ishtirokchilari majlisning kun tartibini va ish reglamentini tasdiqlaydilar.
Qo‘shma majlis kun tartibiga Senat a’zolarini saylash to‘g‘risidagi masala kiritiladi.
50-modda. Qo‘shma majlis ishini ta’minlash va olib borish uchun ochiq ovoz berish orqali oddiy ko‘pchilik ovoz bilan uch kishidan besh kishigacha bo‘lgan ishchi hay’at tuziladi. Turli Kengashlar deputatlari orasidan hay’at a’zoligiga nomzodlar raislik qiluvchi tomonidan taklif etiladi.
51-modda. Kengash deputatlari vakolatlarini tekshirish, tushgan takliflarni hisobga olish va qo‘shma majlis tomonidan qabul qilinadigan qarorlarni rasmiylashtirish uchun uch kishidan iborat kotibiyat tuziladi.
52-modda. Qo‘shma majlisda raislik qiluvchi taqdimiga muvofiq ochiq ovoz berish orqali oddiy ko‘pchilik ovoz bilan Senat a’zoligiga nomzodlar ko‘rsatish bo‘yicha Maslahat kengashi (bundan buyon matnda Maslahat kengashi deb yuritiladi) saylanadi.
Maslahat kengashi deputatlik faoliyatida katta tajribaga ega bo‘lgan eng obro‘li, yoshi ulug‘ Kengashlarning deputatlaridan, qoida tariqasida, har bir xalq deputatlari Kengashidan bir nafar vakildan saylanadi.
53-modda. Maslahat kengashi eng obro‘li, o‘z saylovchilari tomonidan keng qo‘llab-quvvatlanayotgan, davlat va jamiyat faoliyatining turli sohalarida katta amaliy tajribaga ega bo‘lgan hamda alohida xizmat ko‘rsatgan Kengashlar deputatlari orasidan Senat a’zoligiga nomzodlarni ko‘rib chiqadi.
Yashirin ovoz berish byulleteniga kiritish uchun Senat a’zoligiga olti nafar nomzod bo‘yicha Maslahat kengashining taklifi Maslahat kengashining raisi tomonidan o‘qib eshittiriladi. Yashirin ovoz berish byulleteniga olti nafar Senat a’zoligiga nomzod kiritiladi.
54-modda. Saylov kuniga qadar yigirma besh yoshga to‘lgan va kamida besh yil O‘zbekiston Respublikasi hududida muqim yashayotgan Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesining, xalq deputatlari viloyat, tuman, shahar Kengashining deputati Senat a’zoligiga nomzod bo‘lishi mumkin.
55-modda. Qo‘shma majlisda Senat a’zoligiga har bir nomzod bo‘yicha alohida muhokama o‘tkaziladi.
Qo‘shma majlisda ishtirok etayotgan har bir Kengash deputati Senat a’zoligiga nomzodga savollar berish, nomzod xususida o‘z fikrini bildirish huquqiga ega.
Senat a’zoligiga har bir nomzod bo‘yicha alohida muhokamadan keyin uni yashirin ovoz berish byulleteniga kiritish to‘g‘risida qaror qabul qilinadi.
Taklif etilgan u yoki bu nomzodlar rad etilgan taqdirda, muhokama etish va yashirin ovoz berish byulleteniga kiritish uchun boshqa nomzodni faqat Maslahat kengashi ko‘rsatishi mumkin.
Senat a’zoligiga nomzodlarni muhokama qilish qo‘shma majlis qaroriga binoan tugallanadi.
Deputatlarning qo‘shma majlisida ishtirok etayotgan Kengashlar deputatlarining ko‘pchilik ovozini olgan Senat a’zoligiga nomzod yashirin ovoz berish byulleteniga kiritilgan hisoblanadi.
56-modda. Yashirin ovoz berish uchun byulletenning namunasi Markaziy saylov komissiyasi tomonidan tasdiqlanadi.
Yashirin ovoz berish byulletenida uni to‘ldirish tartibi haqida tushuntirish berilgan bo‘lishi lozim. Byulletenning old tomonida o‘ng yuqori burchakda muhr va kamida ikki nafar sanoq komissiyasi a’zosining imzosi bo‘lishi kerak.
57-modda. Yashirin ovoz berishni o‘tkazish va uning natijalarini aniqlash uchun qo‘shma majlisda ishtirok etayotgan Kengashlar deputatlari orasidan to‘qqiz nafargacha a’zodan, shu jumladan, komissiya raisi va kotibidan iborat tarkibda sanoq komissiyasi saylanadi.
Sanoq komissiyasining tarkibiga Senat a’zoligiga nomzod saylanishi mumkin emas.
Sanoq komissiyasi:
Senat a’zolarini saylash bo‘yicha ovoz berishni tashkil qiladi va o‘tkazadi;
qo‘shma majlis ishtirokchilariga yashirin ovoz berishni o‘tkazish vaqti, joyi va tartibini e’lon qiladi;
yashirin ovoz berish byulletenlarini ularga Senat a’zoligiga har bir nomzodning familiyasi, ismi va otasining ismini alifbo tartibida kiritish yo‘li bilan, tug‘ilgan sanasi, lavozimi (mashg‘ulotining turi) va ish joyini ko‘rsatgan holda tayyorlaydi;
ovoz beruvchilarning ro‘yxatini aniqlaydi, ularga yashirin ovoz berish byulletenlarini beradi;
yashirin ovoz berish byulletenlarining old tomoniga muhr qo‘yadi va yashirin ovoz berish byulletenida sanoq komissiyasi a’zolarining imzolari bo‘lishini ta’minlaydi;
ovozlarni sanab chiqadi va yashirin ovoz berish natijalari to‘g‘risida bayonnoma tuzadi;
yashirin ovoz berish natijalarini qo‘shma majlis tasdig‘iga kiritadi.
58-modda. YAshirin ovoz berish boshlanishidan oldin sanoq komissiyasining raisi yashirin ovoz berishni o‘tkazish tartibini e’lon qiladi, komissiya a’zolari hozirligida saylov qutisini tekshiradi va muhrlaydi.
Saylov qutisi uning yoniga ovoz beruvchilar albatta yashirin ovoz berish kabinasi yoki xonasidan o‘tib boradigan qilib joylashtiriladi.
Qo‘shma majlisda ishtirok etayotgan Kengash deputati sanoq komissiyasi a’zosiga o‘z shaxsini tasdiqlovchi hujjatni ko‘rsatadi hamda ovoz beruvchilar ro‘yxatiga imzo chekadi, shundan keyin unga yashirin ovoz berish byulleteni beriladi.
Yashirin ovoz berish byulleteni ovoz beruvchi tomonidan yashirin ovoz berish kabinasi yoki xonasida o‘zi yoqlab ovoz berayotgan Senat a’zoligiga nomzodlarning familiyalari qarshisida o‘ng tomonda joylashgan bo‘sh katakka belgi-krestik qo‘yish yo‘li bilan to‘ldiriladi.
Ovoz beruvchi to‘ldirilgan yashirin ovoz berish byulletenini ko‘rinarli joyda turishi lozim bo‘lgan saylov qutisiga tashlaydi.
Buzib qo‘yilgan yashirin ovoz berish byulleteni ovoz beruvchining iltimosiga ko‘ra yangisiga almashtirilishi mumkin.
Yashirin ovoz berish jarayoni tugallangandan keyin, foydalanilmagan, shuningdek buzib qo‘yilgan yashirin ovoz berish byulletenlari ularga maxsus shtamp qo‘yish yo‘li bilan bekor qilinadi, shundan so‘ng ular muhrlanadi va alohida saqlanadi.
59-modda. Ovozlarni sanab chiqish sanoq komissiyasi a’zolari tomonidan yashirin ovoz berish natijalari aniqlangunga qadar tanaffussiz amalga oshiriladi.
Saylov qutisidagi yashirin ovoz berish byulletenlariga asosan sanoq komissiyasi ovoz berishda ishtirok etgan Kengashlar deputatlarining umumiy sonini, Senat a’zoligiga har bir nomzodni yoqlab berilgan ovozlar sonini, haqiqiy emas deb topilgan byulletenlar sonini aniqlaydi.
Ovoz beruvchilar tomonidan saylov byulleteniga qo‘shimcha yozib qo‘yilgan fuqarolarning familiyalari bo‘yicha berilgan ovozlar hisobga olinmaydi.
Belgilanmagan namunadagi yashirin ovoz berish byulletenlari, ovoz berish vaqtida bitta ham katakka belgi-krestik qo‘yilmagan byulletenlar, shuningdek old tomonida muhr va sanoq komissiyasi a’zolarining imzolari bo‘lmagan byulletenlar haqiqiy emas deb topiladi.
Ovoz berish natijalariga ko‘ra ovoz berishda qatnashgan Kengashlar deputatlari ovozining ellik foizidan ortig‘ini olgan Senat a’zoligiga nomzodlar saylangan deb hisoblanadi.
Yashirin ovoz berish natijalari bo‘yicha bayonnoma tuzilib, u sanoq komissiyasining barcha a’zolari tomonidan imzolanadi. Bayonnomaning qalamda to‘ldirilishiga va unga hech qanday tuzatishlar kiritilishiga yo‘l qo‘yilmaydi.
Sanoq komissiyasi raisining ma’ruzasi bo‘yicha qo‘shma majlisda yashirin ovoz berish natijalarini tasdiqlash to‘g‘risida qaror qabul qilinib, u qo‘shma majlisning Senat a’zolari saylovining yakunlari to‘g‘risidagi bayonnomasida aks ettiriladi.
Qo‘shma majlisning Senat a’zolari saylovining yakunlari to‘g‘risidagi bayonnomasi ikki nusxada tuzilib, raislik qiluvchi tomonidan imzolanadi.
Bayonnomaning qalamda to‘ldirilishiga va unga birorta tuzatish kiritilishiga yo‘l qo‘yilmaydi.
Agar ovoz berishda yashirin ovoz berish byulleteniga kiritilgan nomzodlardan kimdir saylanmagan bo‘lsa, bo‘sh qolgan o‘rinlarga Senat a’zolarini qo‘shimcha saylash uchun yangi saylov tayinlanadi.
Senat a’zolarini qo‘shimcha saylash bo‘yicha qo‘shma majlis asosiy saylov o‘tkazilganidan so‘ng ikki kun ichida o‘tkaziladi. Qo‘shma majlisning o‘tkazilish vaqti, sanasi va joyi qo‘shma majlis qarori bilan belgilanadi.
60-modda. Saylangan Senat a’zolarini ro‘yxatdan o‘tkazish uchun qo‘shma majlisning Senat a’zolari saylovining yakunlari to‘g‘risidagi bayonnomasi ikki kunlik muddatdan kechiktirmay Markaziy saylov komissiyasiga topshiriladi.
Qo‘shma majlisning Senat a’zolari saylovining yakunlari to‘g‘risidagi bayonnomasining ikkinchi nusxasi va Senat a’zolari saylovini o‘tkazish bilan bog‘liq boshqa hujjatlar tegishincha Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, xalq deputatlari viloyatlar, Toshkent shahar Kengashlari arxivlarida saqlanadi.
VIII bob. Doimiy va muvaqqat komissiyalar
61-modda. Xalq deputatlari Kengashi sessiyaga kiritiladigan masalalarni dastlabki tarzda ko‘rib chiqish va tayyorlash uchun o‘z vakolatlari muddatiga jamoatchilik asosida faoliyatni amalga oshiruvchi doimiy va muvaqqat komissiyalar tuzishi hamda ular tarkibiga o‘zgartishlar kiritishi mumkin.
Doimiy va muvaqqat komissiyalar raisligiga hamda a’zoligiga nomzodlar sessiyaga hokim — xalq deputatlari Kengashining rahbari tomonidan taqdim etiladi.
Doimiy komissiya raisligiga nomzod bo‘yicha ovoz berish alohida o‘tkaziladi.
Doimiy va muvaqqat komissiyalar a’zolari tegishli xalq deputatlari Kengashi deputatlari orasidan saylanadi.
Doimiy va muvaqqat komissiyalar a’zoligiga nomzodlarni saylash nomzodlarning har birini alohida yoki komissiyaning butun tarkibni yalpi muhokama qilish yo‘li bilan amalga oshiriladi, ovoz berishda qaror har bir nomzod bo‘yicha alohida yoki komissiya butun tarkibi bo‘yicha Kengash deputatlari umumiy sonining ko‘pchilik ovozi bilan qabul qilinadi.
62-modda. Doimiy komissiyalar soni va tarkibi sessiyada belgilanadi. Xalq deputatlari Kengashi tarkibida, qoida tariqasida, quyidagi doimiy komissiyalar tuzilishi mumkin:
mahalliy byudjetni shakllantirish va uni ijro etish, iqtisodiy islohotlarni amalga oshirish hamda tadbirkorlikni rivojlantirish masalalari bo‘yicha;
qonuniylikni ta’minlash va korrupsiyaga qarshi kurashish masalalari bo‘yicha;
ijtimoiy-madaniy rivojlanish masalalari bo‘yicha;
yoshlar siyosati va sog‘lom avlodni tarbiyalash masalalari bo‘yicha;
sanoat, transport, qurilish, kommunal masalalari va aholiga xizmat ko‘rsatish bo‘yicha;
agrar, suv xo‘jaligi masalalari va ekologiya bo‘yicha;
nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari masalalari bo‘yicha;
reglament va deputatlik odobi masalalari bo‘yicha.
Zarur hollarda xalq deputatlari Kengashi tomonidan yangi doimiy komissiyalar tuzilishi va ilgari tashkil qilingan doimiy komissiyalar tugatilishi, doimiy komissiyalar tarkibiga o‘zgartishlar kiritilishi mumkin.
Doimiy komissiyalar faoliyati xalq deputatlari Kengashi qarori bilan tasdiqlanadigan Xalq deputatlari Kengashining doimiy komissiyalari to‘g‘risidagi nizom bilan tartibga solinadi.
63-modda. Doimiy komissiyalar o‘z majlislarida rais o‘rinbosarlari va kotiblarini saylaydi.
Xalq deputatlari Kengashining deputati faqat bitta doimiy komissiya a’zosi etib saylanishi mumkin. Doimiy komissiya tarkibiga kirmagan Kengash deputati uning ishida maslahat ovozi huquqi bilan ishtirok etishi mumkin.
Doimiy komissiyalar xalq deputatlari Kengashi oldida mas’ul va unga hisobdordir.
64-modda. Doimiy komissiyalar o‘z faoliyatini xalq deputatlari Kengashi qarori bilan tasdiqlanadigan ish rejalari asosida amalga oshiradi.
Doimiy komissiyaning sessiyalar oralig‘ida o‘tkaziladigan majlislarida ish rejasiga tegishli o‘zgartishlar kiritilishi mumkin, keyinchalik ular sessiya tasdig‘iga kiritiladi.
65-modda. Doimiy komissiyalar o‘z faoliyatini majlis shaklida amalga oshiradi.
Doimiy komissiyalarning majlislari, qoida tariqasida, oyda kamida bir marta o‘tkaziladi.
Doimiy komissiyalarning qo‘shma majlislari ular o‘rtasidagi kelishuvga muvofiq o‘tkaziladi.
66-modda. Xalq deputatlari Kengashi aniq vazifalarni bajarish uchun Kengash deputatlari orasidan muvaqqat komissiya tuzishi mumkin.
Muvaqqat komissiya tuzish to‘g‘risidagi qaror sessiyada qabul qilinadi.
Muvaqqat komissiya zimmasiga yuklatilgan vazifalarni bajarganidan so‘ng o‘z faoliyatini tugatadi.
Muvaqqat komissiyaning vazifalari xalq deputatlari Kengashi qarori bilan belgilanadi.
67-modda. Doimiy va muvaqqat komissiyalarning tegishli hududdagi davlat organlari, korxonalar, muassasalar, tashkilotlar, nodavlat notijorat tashkilotlar, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari va mansabdor shaxslarga yuboriladigan qarorlari tavsiya xususiyatiga ega bo‘ladi va ular tomonidan ko‘rib chiqilib, ko‘rib chiqish natijalari to‘g‘risida yoki ko‘rilgan chora-tadbirlar haqida bir oylik muddatda xabar qilinishi shart.
IX bob. Deputatlik faoliyatini amalga oshirish shakllari
68-modda. Kengash deputatining har biri sessiya, doimiy va muvaqqat komissiyalar ishida tashabbuskorlik va faollik bilan qatnashishi lozim. Kengash deputati o‘z vakolatlarini ishlab chiqarishdan yoki xizmat vazifalaridan ajralmagan holda amalga oshiradi.
69-modda. Siyosiy partiyalardan saylangan deputatlar deputatlar guruhlariga birlashishlari mumkin.
Har bir deputatlar guruhi sessiya muhokamasiga kiritilayotgan masalalarni dastlabki tarzda ko‘rib chiqish va ular yuzasidan takliflar kiritish huquqiga ega.
Deputatlar guruhi tuzish to‘g‘risidagi ariza va boshqa hujjatlar sessiyaga taqdim etiladi. Deputatlar guruhi o‘z faoliyatini sessiyada deputatlar guruhini ro‘yxatga olish to‘g‘risida qaror qabul qilinganidan so‘ng boshlaydi.
Deputatlik guruhi bir siyosiy partiyadan saylangan kamida 3 nafar deputat birlashgan taqdirda ro‘yxatga olinishi mumkin.
Deputatlar guruhi doimiy komissiyalar bilan o‘zaro hamkorlikda ish olib boradi.
70-modda. Partiya guruhlari siyosiy partiyalardan ko‘rsatilgan Kengash deputatlarining ta’sis yig‘ilishlarida o‘z partiyalarining siyosatini uyushgan holda o‘tkazish uchun tuziladi. Partiya guruhlari partiya guruhi rahbarining tegishli arizasi va ta’sis hujjatlariga asosan xalq deputatlari Kengashi tomonidan ro‘yxatga olinadi.
Partiya guruhlari quyidagi huquqlarga ega:
sessiya kun tartibini shakllantirishda ishtirok etish;
sessiya kun tartibidagi har bir masala bo‘yicha muzokaralarda partiya guruhi vakiliga kafolatlangan tarzda so‘z berilishi;
hokim — xalq deputatlari Kengashining rahbariga, hokim o‘rinbosarlariga, hokimlikning bo‘lim va boshqarmalari boshliqlariga, shuningdek tegishli xalq deputatlari Kengashi hududida joylashgan korxona, muassasa va tashkilotlarning rahbarlariga so‘rovlar bilan murojaat etish;
doimiy va muvaqqat komissiyalar raisligiga nomzodlar bo‘yicha takliflar kiritish;
sessiyada muhokama qilinayotgan masala bo‘yicha partiya guruhining fikrini Kengash deputatlari orasida tarqatish;
viloyat (Toshkent shahar) hokimi — xalq deputatlari Kengashi rahbarining lavozimiga tasdiqlangan shaxslarning qoniqarsiz faoliyati to‘g‘risida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentiga asoslangan xulosalar taqdim etish tashabbusi;
xalq deputatlari Kengashi deputatlari uchun qonun hujjatlarida nazarda tutilgan boshqa vazifalarni amalga oshirish.
Partiya guruhlarining faoliyatiga tashkiliy, texnikaviy va boshqa xizmatlar ko‘rsatish hokimlikning tashkiliy-nazorat guruhi tomonidan ta’minlanadi.
71-modda. Kengash deputati sessiyada ko‘rib chiqilayotgan barcha masalalar bo‘yicha hal qiluvchi ovoz huquqidan foydalanadi.
Kengash deputati:
doimiy hamda muvaqqat komissiyalarga saylash va saylanishga;
sessiyada ko‘rib chiqilishi uchun masalalar taklif etishga;
sessiya kun tartibi, muhokama qilinayotgan masalalarni ko‘rib chiqish tartibi va mohiyati yuzasidan takliflar va mulohazalar kiritishga;
xalq deputatlari Kengashi tomonidan saylanadigan, tayinlanadigan yoki tasdiqlanadigan mansabdor shaxslarning nomzodlari bo‘yicha fikr bildirishga;
muzokaralarda ishtirok etishga, ma’ruzachi, qo‘shimcha ma’ruzachi va sessiyada raislik qiluvchiga savollar berishga;
deputat so‘rovi bilan murojaat etishga;
o‘z takliflarini asoslab berish uchun so‘zga chiqishga va ovoz berish sabablari yuzasidan ma’lumot berishga;
sessiyada raislik qiluvchiga sessiyada muhokama qilinayotgan masala yuzasidan o‘z nutqi, taklifi yoki mulohazasining matnini topshirishga;
tarkibiga o‘zi kirgan xalq deputatlari Kengashi organining qaroriga qo‘shilmagan taqdirda o‘z nuqtai nazarini sessiyada bayon qilishga yoki bu haqda Kengash rahbariga yozma shaklda ma’lum qilishga;
xalq deputatlari Kengashiga hisobdor bo‘lgan yoki uning nazorati ostidagi har qanday organ yoxud mansabdor shaxsning hisoboti yoki axborotini sessiyalarda eshitish to‘g‘risida taklif kiritishga;
O‘zbekiston Respublikasi qonunlarining, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining qarorlari, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari va qarorlari, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi qarorlarining ijro etilishi, shuningdek xalq deputatlari Kengashi qarorlarining bajarilishi yuzasidan tekshirishlar o‘tkazish to‘g‘risidagi masalalarni ko‘rib chiqilishi uchun taklif etishga;
sessiya bayonnomasi va stenogrammasi bilan belgilangan tartibda tanishishga haqli.
Kengash deputati qonun hujjatlariga muvofiq boshqa huquqlarga ham ega bo‘lishi mumkin.
72-modda. Kengash deputati:
sessiya samarali ishlashiga ko‘maklashishi, sessiya vaqtini tejashi;
xalq deputatlari Kengashining reglamentiga rioya qilishi va sessiyada raislik qiluvchining talablarini bajarishi;
faqat sessiyada raislik qiluvchining ruxsati bilangina so‘zga chiqishi;
Deputatlik odobi qoidalariga rioya qilishi;
sessiyada ishtirok etishi va uning ishida faol qatnashishi;
o‘zi tarkibiga saylangan doimiy yoki muvaqqat komissiyalar majlislarida ishtirok etishi;
xalq deputatlari Kengashining reglamentida belgilangan tartibda ovoz berishda shaxsan ishtirok etishi shart.
Kengash deputati sessiyada, o‘zi tarkibiga kirgan doimiy yoki muvaqqat komissiya majlisida ishtirok etish imkoniyati bo‘lmagan taqdirda, bu haqda tegishincha hokim — xalq deputatlari Kengashining rahbariga, sessiyada raislik qiluvchiga yoxud doimiy yoki muvaqqat komissiya raisiga oldindan xabar qilishi shart.
73-modda. Kengash deputati tegishli hududda joylashgan davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarining mansabdor shaxslariga ularning vakolatlariga kiradigan masalalar yuzasidan asoslantirilgan tushuntirish berish yoki o‘z nuqtai nazarini bayon qilish talabi bilan deputat so‘rovi yuborishga haqli.
Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarining mansabdor shaxslari deputat so‘roviga mazkur so‘rov olingan kundan e’tiboran o‘n kundan kechiktirmay javob yuborishlari shart.
Sudlarning raislari, prokurorlar, surishtiruv va tergov organlarining rahbarlariga yo‘llangan deputat so‘rovi ularning ish yurituvidagi aniq ishlar va materiallarga taalluqli bo‘lishi mumkin emas.
Deputat so‘rovlari bo‘yicha axborot sessiyada yoki doimiy yoxud muvaqqat komissiyalar majlisida muhokama qilinishi mumkin.
74-modda. Kengash deputatini daxlsizlik huquqidan mahrum qilish to‘g‘risidagi masala tegishli hudud prokurori yoki yuqori turuvchi prokurorning taqdimnomasiga binoan xalq deputatlari Kengashi tomonidan o‘n kun ichida hal etiladi. Senator etib saylangan Kengash deputatini daxlsizlik huquqidan mahrum qilish masalasi «O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatining va Senati a’zosining maqomi to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunida belgilangan tartibda hal etiladi.
Kengash deputatini jinoiy javobgarlikka tortish, ushlab turish, qamoqqa olish yoki unga nisbatan sud tartibida beriladigan ma’muriy jazoni qo‘llashga rozilik olish to‘g‘risidagi prokuror taqdimnomasi xalq deputatlari Kengashi tomonidan sessiyada ko‘rib chiqiladi, sessiyalar oralig‘idagi davrda esa hokim – xalq deputatlari Kengashining rahbari yoki uning vazifasini bajaruvchi mansabdor shaxs tomonidan ko‘rib chiqilib, qabul qilingan qaror keyinchalik tegishli xalq deputatlari Kengashi tomonidan tasdiqlanadi.
Xalq deputatlari Kengashining Kengash deputatini daxlsizlik huquqidan mahrum qilishga rozilik berish masalasiga doir qarori tegishli prokurorga darhol yuboriladi.
Xalq deputatlari Kengashining Kengash deputatini daxlsizlik huquqidan mahrum qilishga rozilik berishni rad etishi unga nisbatan jinoyat ishini yuritishni yoki sud tartibida beriladigan ma’muriy jazoni nazarda tutadigan ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi ishni yuritishni istisno etadigan va bunday ishlarni tugatishga sabab bo‘ladigan holat hisoblanadi.
75-modda. Kengash deputati Deputatlik odobi qoidalariga qat’iy rioya etishi lozim. Kengash deputatining o‘z maqomidan fuqarolar, jamiyat va davlatning huquqlari hamda qonuniy manfaatlariga ziyon etkazadigan tarzda foydalanishiga yo‘l qo‘yilmaydi.
Deputatlik odobi qoidalari buzilgan taqdirda Kengash deputatining xulq-atvori to‘g‘risidagi masala xalq deputatlari Kengashi tomonidan yoxud uning topshirig‘iga ko‘ra reglament va deputatlik odobi masalalari bo‘yicha doimiy komissiya tomonidan ko‘rib chiqilishi mumkin.
X bob. Yakunlovchi qoidalar
76-modda. Xalq deputatlari Kengashi faoliyatiga tashkiliy, texnikaviy va boshqa xizmat ko‘rsatish tegishli hokimlik apparati tomonidan ta’minlanadi.
77-modda. Tegishli hokimliklar Kengash deputatini hujjatlar, zarur axborot va ma’lumot materiallari, shuningdek deputatlik faoliyati bilan bog‘liq masalalar bo‘yicha mutaxassislarning maslahatlari bilan ta’minlaydi.
Kengash deputatiga texnik vositalar, aloqa vositalari va ma’lumotlar bazalaridan foydalanish uchun shart-sharoit yaratiladi.
78-modda. Xalq deputatlari Kengashining reglamenti, unga o‘zgartishlar va qo‘shimchalar xalq deputatlari Kengashi qarori bilan tasdiqlanadi.
Xalq deputatlari Kengashining reglamentiga o‘zgartishlar va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risidagi takliflar doimiy komissiyalar, deputatlar guruhlari, partiya guruhlari, Kengash deputatlari tomonidan kiritilishi mumkin va sessiya kun tartibi loyihasiga kiritiladi hamda birinchi navbatda ko‘rib chiqiladi.
79-modda. Xalq deputatlari Kengashining reglamentida nazarda tutilmagan xalq deputatlari Kengashi faoliyatiga doir masalalarni sessiyada ko‘rib chiqish tartib-taomillari sessiyada Kengash deputatlari umumiy sonining ko‘pchilik ovozi bilan qabul qilinadi, bayonnoma tarzida rasmiylashtiriladi va qabul qilingan kundan e’tiboran amal qiladi.