Kosonsoy shahrida Oltinchi chaqiriq xalq deputatlari Kosonsoy tumani Kengashining birinchi sessiyasi bo‘lib o‘tdi. Sessiya ishida viloyat hokimi vakili sifatida viloyat hokimining o‘rinbosari Jamoliddin Aloydinov, shuningdek, xalq deputatlari Kosonsoy tuman Kengashi deputatlari, tuman hokimining o‘rinbosarlari, mutaxassislari, tashkilot va korxonalar, siyosiy partiyalar tuman kengashlari rahbarlari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

 

Sessiya kun tartibidan tuman saylov komissiyasi raisining axboroti, Xalq deputatlari Kosonsoy tumani Kengashining Reglamenti va doimiy komissiyalar to‘g‘risidagi Nizomni tasdiqlash, Xalq deputatlari Kosonsoy tumani Kengashiga saylangan deputatlarning partiya guruhlarini ro‘yxatga olish, Xalq deputatlari Kosonsoy tumani Kengashining doimiy komissiyalarini tuzish, Namangan viloyati hokimi tomonidan Kosonsoy tumani hokimi lavozimiga taqdim etilgan nomzodni tasdiqlash, Xalq deputatlari viloyat, shahar va tumanlar Kengashi deputatlari Qo‘shma majlisi Maslahat Kengashi a’zoligiga nomzodni tavsiya etish kabi masalalar o‘rin oldi.

Namangan viloyati hokimi tomonidan Kosonsoy tumani hokimi lavozimiga taqdim etilgan nomzodni tasdiqlash to‘g‘risidagi masala yuzasidan siyosiy partiyalar guruhlarining har biri bilan maslahatlashuvlar o‘tkazildi.

Mazkur masala bo‘yicha viloyat hokimining o‘rinbosari Jamoliddin Aloydinov so‘z olib, Viloyat hokimi tomonidan Kosonsoy tumani hokimi lavozimiga 30-Chorbog‘ saylov okrugidan saylangan deputat Yusupov Bahodir Tursunovichning nomzodini Xalq deputatlari tuman Kengashi sessiyasida tasdiqlash to‘g‘risida Taqdimnoma kiritilganligini ma’lum qildi va uni o‘qib eshittirdi.

Ushbu masala bo‘yicha siyosiy partiyalar guruhlari nomidan deputatlarning fikr-mulohazalari bildirildi. So‘zga chiqqan deputatlar tuman hokimi lavozimiga tavsiya etilgan Bahodir Yusupov nomzodini qo‘llab–quvvatlashdi.

Yusupov Bahodir Tursunovich Xalq deputatlari Kosonsoy tumani Kengashi deputatlari tomonidan Kosonsoy tumani hokimi etib bir ovozdan tasdiqlandi.

Oltinchi chaqiriq xalq deputatlari Kosonsoy tumani Kengashining birinchi sessiyasi o‘z ishini tamomladi.