Bugun viloyat kasaba uyushma tashkilotlari birlashmasi majlislar zalida “O‘zXDPning eng faol ayoli” ko‘rik-tanlovining Namangan  viloyat bosqichi bo‘lib o‘tdi. Unda shahar va tumanlardan saralab olingan  12 nafar iqtidor sohibasi belgilangan uch asosiy shart bo‘yicha bellashdilar.

 

“Xotin-qizlar bandligining eng samarali yo‘li”, “Xotin-qizlar siyosiy faolligi-fuqarolik jamiyatining muhim sharti”, “Ijtimoiy yordamga muhtojlikdan farovon turmush sari” yo‘nalishlari bo‘yicha loyiha taqdimoti, “Siyosiy hozirjavoblik”, “Qonunlarimiz hayotimiz asosidir” shartlariga muvofiq ishtirokchilar tomonidan  taqdim etilgan loyihalar ekspetlar va  mutaxassislardan iborat hakamlar hay’ati tomonidan xolis baholab borildi.

Qat’iy reglament asosida ishtirokchilar to‘plagan ballar hisobiga ko‘ra 124 ball to‘plashga erishgan Norin tumani vakili Nafosat Muhiddinova viloyat bosqichining g‘olibasi sifatida ko‘rik-tanlovning respublika bosqichida ishtirok etish huquqini qo‘lga kiritdi.

Uychilik  Adiba Abdulazizova  ikkinchi, Namangan tumani vakilasi. “Do‘stlik” ordeni sohibasi Umidaxon Soliyeva uchinchi o‘rinlarga munosib ko‘rildilar.

O‘zXDP Markaziy Kengashi Xotin-qizlar bilan ishlash sektori mudirasi Gulshan Asatova,  partiya viloyat kengashi raisi, deputat Ravshan Abdullayev tanlov g‘oliblariga viloyat partiya kengashining qimmatbaho esdalik sovg‘alari va faxriy yorliqlarini taqdim etdilar.

Shuningdek, tanlov ishtirokchilari “Eng yaxshi notiq”, “Eng zukko ishtirokchi”, “Eng namunali ishtirokchi” kabi nominatsiyalar bilan to‘plagan ballariga muvofiq rag‘batlantirildilar.

Ishtirokchilar tanlov shartlariga tayyorgarlik jarayonida zamonaviy ayol qanday fazilatlarni o‘zida mujassamlashtirishi zarurligini, ijtimoiy siyosiy masalalarga faol yondashuv uchun  siyosiy bilimlarini qay tarzda oshirib borish lozimligini, qonun ijodkorligida ma’rifatli fuqaro sifatida faol qatnashish uchun  juda ko‘p o‘rganish kerak bo‘lgan jihatlarni anglab yetdilar.

Axborot xizmati.