Ahillik va hamjihatlikni kuchaytiramiz

Bugungi kunda dunyodagi aksari mamlakatlar qatori O‘zbekiston ham tashvishli kunlarni boshidan kechirmoqda. Koronavirus pandemiyasi tarqalgan davlatlar va ushbu kasallikka chalingan odamlar soni to‘xtovsiz oshib bormoqda. Bunday sharoitda faqat ahillik va hamjihatlikni ta’minlash, mash’um xastalikni bartaraf etish uchun bir yoqadan bosh chiqarib harakat qilish o‘ta muhimdir.

 

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev 18 mart kuni mahalla va oila masalalariga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishida koronavirus muammosi haqida gapirib, mamlakatimizda ham bu borada qator ta’sirchan choralar ko‘rilayotganligini ta’kidladi.

Ayniqsa, davlatimiz rahbarining quyidagi so‘zlari hammamizga katta dalda bo‘ldi. “Bu hayotning ko‘p og‘ir sinovlarini va yaxshi-yomon kunlarini boshidan kechirgan xalqimiz hammasini to‘g‘ri tushunib, masalaga ongli yondashmoqda. Muftiyat rahbarligida diniy ulamolar yurtimizga tinchlik-xotirjamlik, bemorlarga shifo tilab, duoi fotihalar qilishmoqda. Millati, tili va dinidan qat’i nazar, hammamiz yakdilmiz va, ishonamizki, bu qiyinchiliklar, albatta, o‘tib ketadi.”

Chindan ham bugungi kunda butun mamlakatda xavfli va yuqumli infeksiyaning oldini olish yuzasidan keskin choralar ko‘rilmoqda. Joylarda  hokimlar rahbarligida maxsus shtablar tashkil etilgan. Epidemiologik vaziyat bo‘yicha har soatlik va kunlik ma’lumot tahlil qilinib, tezkor choralar ko‘rilmoqda. Tibbiyot muassasalari favqulodda ish rejimiga o‘tkazildi. Sihatgoh va oromgohlar karantin muassasalari sifatida moslashtirildi. Tibbiyot maskanlari dori-darmon, himoya va diagnostika vositalari bilan etarli darajada ta’minlandi. Buning uchun byudjetdan zarur mablag‘lar ajratildi.Chegaralarda harakat cheklandi, ammo transportda yuk tashish to‘xtatilgani yo‘q. Mamlakatimizga ko‘plab xorijiy va mahalliy yuk tashuvchilar kirmoqda hamda chiqib ketmoqda.

Chet ellardagi yurtdoshlarimiz charter aviareyslari orqali Vatanimizga qaytarilmoqda. Uch kun ilgari “Namangan” xalqaro aeroporti ham Erondan va Latviyadan uchib kelgan yurtdoshlarimizni qabul qildi. Ular avvaldan maxsus tayyorlab qo‘yilgan joylarga karantin o‘tkazish uchun joylashtirildi.

Qisqasi, yurtdoshlarimiz xavfli xastalikning keng tarqalib ketishiga yo‘l qo‘ymaslik uchun barcha zarur choralarni ko‘rishga tayyor. Davlatimiz rahbari aytganiday, “Ko‘pni ko‘rgan xalqimiz yanada jipslashib, ahil va hamjihat bo‘lib, bu murakkab sinovlarni ham engib o‘tadi”.Buning uchun biz ham barcha imkoniyatlarni ishga solamiz.

Isroil Jo‘raev, O‘zbekiston “Adolat” SDP Namangan viloyat Kengashi raisi.