Bugun jahon hamjamiyatini jiddiy o‘ylantirayotgan muammo bu koronavirus infeksiyasi bilan bog‘liq masalalar bo‘lib qoldi, desak sira xato qilmagan bo‘lamiz. O‘tgan yili dekabr oyida  Xitoy Xalq Respublikasining Uxan shahrida tarqalgan koronavirus  infeksiyasi bora-bora butun mamlakatni egalladi, keyinchalik chet elda  ham ko‘rinish bera boshladi. Avvaliga ayrim qo‘shni davlatlarda aniqlangan bo‘lsa, hozirga kelib koronavirus infeksiyasidan zararlanmagan davlatlar juda oz qoldi. Ya’ni, epidemiya pandemiyaga aylanganligi Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti tomonidan e’tirof etildi.

 

O‘zbekistonda ham Xitoy koronavirus infeksiyasi kirib kelishi va tarqalishining oldini olishga e’tibor kuchaytirildi. Muhtaram Prezidentimizning tegishli Farmoyishlariga ko‘ra qator chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Bu ishga yo‘naltirilgan vazirlik va idoralarning mutaxassislaridan iborat shtablar tuzildi. Shtablarning hududiy bo‘linmalari ham izchil ish olib bordi. Masalan viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi va viloyat sanitariya-epidemiologik osoyishtalik markazi mutaxassislaridan tarkib topgan shtab shakllantirildi.

O‘tgan davr mobaynida viloyatda koronavirus infeksiyasi kirib kelishi va tarqalishining oldini olish maqsadida keng qamrovli ishlar olib borildi. Viloyat yuqumli kasalliklar shifoxonasida  alohida bo‘lim tashkil etilib, xizmat ko‘rsatuvchi shifokor va hamshiralar tayinlandi. Zarur vosita va dori-darmonlar bilan ta’minlandi. Kosonsoy chegara postida va “Namangan”xalqaro aeroportida maxsus o‘quv taktik mashqlari o‘tkazilib, nafaqat tibbiyotchilarning, balki safarbar etilgan barcha xizmat va tuzilmalarning shaylik darajasi sinovdan o‘tkazildi.

Viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi va viloyat sanitariya-epidemiologik osoyishtalik markazi hamkorligida chegara postlarida va aeroportda sanitariya-nazorat postlari tuzilib, ular ishi boshqarib borildi.

Bundan tashqari aholi o‘rtasida koronavirus infeksiyasi tarqalishining oldini olish bo‘yicha keng miqyosda targ‘ibot ishlari o‘tkazildi. O‘quv muassasalarida ham tushuntirish ishlari yo‘lga qo‘yildi. Bularning pirovardida shifokorlarning bilim saviyasi yuksaldi, hamkor tashkilotlarning mas’uliyati oshdi. Favqulodda hollarda samarali harakatlanish amaliyoti shakllandi.

Shunday bo‘lsada, mamlakatimizda koronavirus infeksiyasiga duchor bo‘lgan shaxs ruyxatga olindi. Kuni kecha bunga barcha guvoh bo‘ldi. Bosh vazir ishtirokidagi maxsus yig‘ilishda koronavirusga qarshi kurashish bo‘yicha izchil ish olib borilayotganliga qaramay  mazkur xastalik kirib kelganligi  e’tirof etildi.

Nachora, koronavirus infeksiyasi O‘zbekistonni ham chetlab o‘tmadi. Endi bo‘lsa, xavfni bartaraf etish kerak. Bundan boshqa choramiz yo‘q. SHuning uchun yuzaga kelgan vaziyatdan xalqimizni omon-eson olib chiqib ketish uchun zarur choralar ko‘rilyapti. Birinchi navbatda turli mish-mish va uydirmalarga barham berish kerak. Barchamiz belgilangan tartiblarga qat’iy amal qilishimiz zarur va shart. Xitoy tajribasi ham shundan dalolat bermoqda. Hamjihatlik va va qat’iyatlik bilan koronavirus infeksiyasining xatarli oqibatlariga qarshi keskin kurasha olishimiz aniq.

KORONAVIRUSDAN QANDAY SAQLANISH MUMKIN?

Quyida virusdan himoyalanish bo‘yicha Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti tavsiyalarini yana bir bor eslab o‘tamiz.

  1. Qo‘lingizni tez-tez sovunlab yuving, spirtli antiseptik vositalardan foydalaning. Ayniqsa, jamoat transportidan foydalangandan keyin.
  2. Ko‘z, og‘iz va burningizni ushlashdan tiyiling, qo‘l berib salomlashmaslikka harakat qiling.
  3. Aksirganda, yo‘talganda yuzingizni ro‘molcha yoki tirsagingiz bilan to‘sing.
  4. Odam ko‘p to‘planadigan joylarga bormaslikka harakat qiling. SHamollash va gripp alomatlari bor odamlarga yaqinlashmang.
  5. Isitma – yangi turdagi zotiljamning eng asosiy va birinchi belgilaridan biri. Isitmangiz bo‘lsa, uydan chiqmang.
  6. Isitma, yo‘tal, nafas olish qiyinlashishi kabilar belgilar namoyon bo‘lsa, shifokor huzuriga bormang, ammo kechiktirmasdan tibbiy yordamga telefon orqali murojaat qiling. Xonalarni tez-tez shamollatib turing.
  7. Koronavirusga oid so‘nggi rasmiy xabarlardan boxabar bo‘lib turing. YAngiliklarni ishonchli, rasmiy manbalardan olishga e’tibor qarating.

Ayniqsa keksa yoshdagi, surunkali kasalliklari bor insonlar o‘zlarini avaylashlari lozim.

 

Shu  o‘rinda ta’kidlash kerakki, Xitoyda boshlanib butun dunyo mamlakatlari bo‘ylab tarqalayotgan yangi koronavirus  avvalo nafas olish hujayralarini shikastlaydi. Inkubatsion davri 2-14 kungacha davom etadi. Hozirgi kunda virus tarqalishi odamdan-odamga, ko‘pincha yaqin aloqa  oqibatida o‘tishi tufayli yuz bermoqda.

COViD -19ning asosiy alomatlari: 1. Isitma. 2. Yo‘tal. 3. Nafas qisishi.

Xavf guruhiga kimlar kiradi:  YAngi koronavirusni keksa yoshdagi odamlar yuqtirib olishi mumkin. YOshi katta, surunkali kasalliklarga yo‘liqqan, immuniteti zaiflashgan odamlar kasallikni boshidan kechirishi qiyinroq kechadi.

Hozirgi kunda infeksiyaning oldini olish uchun vaksina, shuningdek, COViD -19ga qarshi maxsus davolash mavjud emas. Klinikalar tomonidan testdan o‘tkazilajak o‘ziga xos davolash usullari bugun o‘rganilmoqda. Butunjahon sog‘liqni saqlash tashkiloti va dunyo davlatlarining mutaxassislari mazkur virusga qarshi  yangi vaksina va davolash usullarini yaratish ustida faol ish olib borishyapti.

Shuning uchun eng avvalo sog‘lom turmush tarziga, ayniqsa shaxsiy gigiena qoidalariga qat’iy amal qiling. YAna takror bo‘lsa ham aytamiz: qo‘llarni tez-tez va yaxshilab sovun bilan oqar suvda yuving. Spirtli dizenfeksiyalovchi vositalardan foydalaning. Ovqat qilish davomida hamda undan oldin va keyin, shuningdek, ovqatlanishdan oldin, hojatxonadan chiqqanda yoki hayvonlarga qaragandan keyin qo‘llarni albatta yuving.

Yuzni qo‘l bilan ushlamang. Qo‘l berib so‘rashish va quchoqlab ko‘rishishdan cheklaning. Chunki, infeksiya yuqtirib olish mumkin.

Imkon qadar vokzal, katta do‘konlar kabi ko‘p odam yig‘iladigan joylarga borishni kamaytiring. Bozorga borganda hayvonlar bilan bevosita aloqa qilishdan chekining.

Yo‘talganda, burun qoqqanda og‘iz bilan burunga tirsak, eng yoki salfetka tuting. Undan keyin salfetkani darhol axlatga tashlang va qo‘lni yuving.

Shamollash yoki gripp alomatlariga ega odamlar bilan yaqin muloqot qilishdan cheklaning. Yaqin aloqa deganda bemor bilan ikki metr doirasida, u bilan bir xonada yoki uzoq vaqt davomida kasal yuqtirgan bemorga qarash zonasida  individual himoya vositalarisiz (xalat,niqob va qo‘lqop) bo‘lish tushuniladi. SHuningdek,yaqin aloqa bemor bo‘lgan xonaga qatnash, kasal yuqtirgan odamdan ajralib chiqqan suyuqlik, masalan balg‘am bilan aloqani o‘z ichiga oladi.

Kasallikning ilk alomatlari kuzatilganda, uyda qoling va darhol vrachga murojaat qiling.

Oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash ham infeksiyaning oldini olishda juda muhim. Shuning uchun xom go‘sht va pishirilgan mahsulotlar uchun alohida pichoq va chopish taxtalarini ishlating. Pishirilgan mahsulotlar bilan aloqa qilishdan oldin xom mahsulotlarni, ayniqsa go‘sht sut mahsulotlarini ushlagandan keyin qo‘llarni astoydil yuving. Kelib chiqishi hayvonotga mansub mahsulotlar xomi yoki chala qaynalganlarini iste’mol qilishdan cheklaning. Faqat yaxshilab pishirilgan (qaynatilgan yoki qovurilgan) ovqatni iste’mol qiling.

Imkon qadar umumiy ovqatlanish joylariga borib ovqatlanmang.

Hozirga qadar mamlakatimizda koronavirus infeksiyasi kirib kelishi va tarqalishining oldini olish  choralari ko‘rilgan bo‘lsa, endi koronavirus qayd etilgandan keyingi choralar o‘zgardi. Birinchi navbatda avia qatnovlar cheklandi. Xorijiy fuqarolarning O‘zbekistonga kirib kelishi ham to‘xtatildi. Xorijdagi fuqarolarimiz charter reyslari bilan O‘zbekistonga olib kelinadi va ular darhol karantinga olinadi. Aholi bilan muloqot qilinmasligi uchun izolyasiya qilinadi va tibbiy kuzatuv olib boriladi.

Chegaralardan kirib kelayotgan odamlar uchun uylarda karatin tashkil etiladi. Ular ko‘chaga chiqmasligi, ishga bormasligi, mahalladagi to‘y va boshqa marosimlarda qatnashmasligi kerak, karantin muddati tugagunga qadar. Xitoyda tartib-intizom hisobiga vaziyatni qo‘lga olishga erishdi. Karantindagilar tartiblarga amal qilishsa, kasallikni erta aniqlab olishga erishiladi. Oila a’zolari salomatligi kuzatiladi. YAqinlari va mahalladoshlari orasida kasallikni tarqatilishiga yo‘l qo‘yilmaydi.

Mahallaga chet eldan fuqaro kirib kelsa mahalla faoli, poliklinika hamshirasi va jamoat tashkilotlari vakillari karantinning mas’uliyat haqida tushuntirishlari kerak. Aks holda javobgarlik masalasi turadi. Mahalladoshlar ham el salomatligini saqlashda faollik ko‘rsatishlari lozim.

Fuqarolarga qulaylik yaratish maqsadida, har hil tushunmovchiliklarga chek qo‘yish maqsadida COLL-markazlar tashkil etilmoqda. 1003 raqami bilan ishlaydi. Savollarga aniqlik kiritish mumkin bo‘ladi. Kimdadir kasallik belgilari bo‘lsa, qanday yo‘l tutish haqida so‘rashi mumkin.

Kasallik tarqalib ketishining oldini olish uchun Favqulodda komissiya qarori bilan birinchi navbatda ommaviy tadbirlarga cheklov o‘rnatilyapti, xatto xalq xavfsizligini ta’minlash uchun  Navro‘z bayramini nishonlash ham to‘xtatilyapti. Lekin. vahimaga, sarosimaga asos yo‘q.  Bu ehtiyot chorasi kasallik tarqab ketishining oldini olishga yordam beradi.

Ikinchisi, kasallik yuqish ehtimolini pasaytirish maqsadida ta’lim sohasida ham cheklov bo‘lyapti. Bugundan boshlab oliy ta’lim, o‘rta-maxsus ta’lim va maktalarda o‘qish to‘xtatilyapti. Bolalar bog‘chaga borishmaydi. Ta’til berilyapti, bu to‘g‘ri chora.

Uchinchidan, transport vositalarida ham yuqish ehtimoli katta bo‘lganligi uchun nazorat kuchaytiriladi, eng muhimi dizenfeksiya qat’iy olib boriladi.

To‘rtinchisi, saranjom-sarishtalik, poklik, ayniqsa namli tozalovlarni o‘tkazish, xonalarni vaqti-vaqti bilan shamollatish kasallikning oldini olishda muhim. Dizenfeksiyalovchi moddalardan muntazam foydalanish, zinalar tutqichlari, eshiklar ushlagichlarini ham muntazam dizenfeksiyalab borish maqsadga muvofiq. Stol-stullarni toza tutish, eng muhimi uyali telefonni, televizor pultini ham dizenfeksiyasini olib borish zarur. CHunki, ular infeksiya manbalaridir.

Yana bir muhim masala - bemor, bemorga qarayotgan odam niqob taqadi, davolayotgan shifokor niqob taqadi. Qolgan holatlarda niqobga hojat yo‘q. Eng asosiysi qo‘lni toza tutishda. Ya’ni muntazam yuvishda. Qo‘lni ko‘p yuvish, zarur daraja yuvish. Kir qoldirmaslik. Sovun 20 sekund qo‘lda bo‘lishi kerak. Unutmang, virusning organizmga kirishi shilliq qavat orqali ham bo‘ladi. Bu  - og‘iz, burun va ko‘z shilliq pardasi. SHuning uchun yuzga tegishiga ehtiyot bo‘lish kerak.

Yurtdoshlarimiz sarosimaga tushmasliklari uchun aytishim joizki, viloyatimizda tibbiy buyumlar va dori vositalari zahirasi yaratib qo‘yilgan. Koronavirusga chalingan bemorlar yotqiziladigan shifoxonalar oldindan tayyorlangan. Dizenfeksiyalovchi vositalar zarur darajada jamg‘arilgan. Maxsus kiyim-kechaklar mavjud. Niqoblar yurtimizda ishlab chiqariladi.  Hech qanday muammoga o‘rin yo‘q. Faqat dori vositalarini shifokor maslahati bilan iste’mol qilish kerakligini unutmaslik lozim..

Aziz do‘stlar! Koronavirus infeksiyasi tarqalib ketishining oldini olish ko‘p jihatdan o‘zimizga bog‘liq ekanligini unutmaslik lozim. Hamjihatlik bilan harakat qilish, belgilangan tartiblarni aniq va puxta bajarish oldimizdagi sinovdan muvaffaqiyatli o‘tishimizning asosiy omili ekanligi  aslo yoddan chiqarmaylik.

       Solijon Mo‘minov , 

O`zLiDePNamangan viloyatKengashi raisi.