Insoniyat shu kungacha juda ko‘p sinovlarni boshdan o‘tkazdi. Jumladan, xalqimiz ham. Mustamlakachilikning ilk yillaridagi qirg‘inlar, qatag‘on davri, ikkinchi jahon urushi va undan keyingi qiyinchiliklar, mustaqillikning ilk yillaridagi voqealar – bari-barchasini mardonavorlik, oqillik bilan engib o‘tdi. Bugun dunyo ahlini besaranjom qilib qo‘ygan koronavirus infeksiyasi ham ana shunday sinovlardan biri. Biroq uning dahshati yuqoridagilar qadar emas. Ammo bugun odamlar orasida yo tushunib, yo tushunmay vahima qo‘zg‘otayotgan kimsalar ham o‘z yurtdoshlarimiz ekanini ko‘rib, uyalasan kishi. Infeksiya bilan bog‘liq yolg‘on va shov-shuvli xabarlarni to‘qib chiqarish, tarqatish bilan nimaga erishish mumkin? Shuni unutmaylikki, bunday xatti-harakatga nisbatan qonuniy va qat’iy choralar belgilandi va amalda qo‘llanilmoqda. Yo‘lovchi transportlarda, odamlar gavjum joylarda og‘zaki yoki telefon orqali suhbatlar, ijtimoiy tarmoqlar vositasidagi yozishmalarda hushyor bo‘laylik, o‘ylab ish tutaylik.
Qolaversa, psixologiya tajribasida shunday isbot mavjud: inson taqdiri o‘z xayollarining in’ikosidir. Dinimizda ham “Niyating – yo‘ldoshing”, deyiladi. Odamlar orasida vahima ko‘tarish o‘rniga yaxshi niyat qilish, tibbiyot xodimlari ta’kidlayotgan tartib-qoidalarga amal qilish bu kasallikning mamlakatimizda keng yoyilmasligi, og‘ir oqibatlarga olib kelmasligining birdan-bir sharti hisoblanadi.
Tarixning guvohlik berishicha, Yaponiya boshqa davlatlarga nisbatan eng ko‘p talafotlar va sinovlarni boshdan o‘tkazadi. YApon xalqi shundayki, og‘ir damlarda mamlakatda oziq-ovqat taqchilligi yuzaga kelgan payt ular non yoki boshqa egulik sotib olsa, bir kunlik ehtiyojidan ortig‘ini olmaydi. Chunki u o‘zidan boshqalarni ham o‘ylaydi. Shukrki, bugun bizning mamlakatimizda oziq-ovqat zahirasi keragidan ortiqroq darajada mavjud. Eng muhimi, mamlakatimizga oziq-ovqat importiga cheklov qo‘yilgani ham yo‘q.
Demak, xavotirlanishga aslo o‘rin yo‘q. Asosiysi, bunday panepidemiyalarga qarshi kurash borasida davlatimiz etarlicha tajriba va tibbiy salohiyatga ega. Bizdan so‘ralayotgani sanitariya-gigiena talablariga qat’iy tarzda rioya qilib, o‘zimiz va oila a’zolarimizni infeksiya yuqishidan himoya qilish. Bu – sinov, sinov paytida esa insonning asl qiyofasining qandayligi ko‘rinadi. Aql va xotirjamlik bilan ish tutaylik. Ana shunda har qanday baloni daf bo‘lishida Yaratganning o‘zi bizga madadkor bo‘ladi.
Nosirbek Ablullaxanov, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlis Senatining Xotin-qizlar va gender tenglik masalalari qo‘mitasi raisi o‘rinbosari.