Dunyo xaritasiga nazar soladigan bo‘lsak, bugungi kunning eng katta muammosi bo‘lib turgan koronavirus pandemiyasi etib bormagan hududni topish qiyin. Shu jihatdan qaraganda, bu virus butun jahon hamjamiyatini chuqur o‘ylashga va bu holatdan insoniyatni imkon qadar kam talafotlar bilan olib chiqishda kechiktirib bo‘lmaydigan choralar ko‘rishni taqozo etmoqda. Koronavirus pandemiyasi butun dunyo bo‘ylab o‘zining salbiy oqibatlarini ko‘rsatmoqdaki, bu nafaqat insonlarning sog‘lig‘i balki, butun dunyo iqtisodiyotiga ham o‘zining salbiy ta’sirini ko‘rsatmoqda.

 

Shu kunlarda ko‘plab korxonalarning faoliyati to‘xtatilgani yoki mavjud quvvatlarning bir qismi bilan faoliyat olib borilayotgani, transport va xizmatlar sohalarida faoliyatini to‘xtatgani ularni inqiroz holatlariga olib kelyapti. Bu, o‘z navbatida, global makroiqtisodiy nobarqarorlik belgilari paydo bo‘layotganini ko‘rsatmoqdaki, natijada jahon iqtisodiyotida chuqur inqiroz xavfi yuzaga kelmoqda.

Bugungi kun vaziyati O‘zbekistonni ham iqtisodiyotdagi mavjud moddiy va moliyaviy resursdan, shuningdek, bor zaxiralarni ishga solib, ulardan  samarali foydalanishni taqozo qilmoqda. Shunday sinovli davrda Prezident uch marotaba xalqqa murojaat qilib, “Bizning buyuk va tanti xalqimiz ko‘p asrlik tarixida ne-ne balo-qazolarni, urushlar va ocharchiliklarni mardonavor engib o‘tgan. Bu sinovdan ham munosib o‘tib olishimizga qat’iy ishonaman. Hammamiz yanada jipslashib, sabr-matonatli bo‘lsak, shifokorlar tavsiyalariga to‘liq amal qilsak, albatta, bu kasallikni tezroq engib o‘tamiz!”, deya ta’kidlab o‘tdi.

Qolaversa, Prezidentimizning “Koronavirus pandemiyasi va global inqiroz holatlarining iqtisodiyot tarmoqlariga salbiy ta’sirini yumshatish bo‘yicha birinchi navbatdagi chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi va kuni kecha qabul qilingan «Koronavirus pandemiyasi davrida aholi, iqtisodiyot tarmoqlari va tadbirkorlik sub’ektlarini qo‘llab-quvvatlashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi Farmonlari mamlakatimizda bu pandemiyaning og‘ir kechishining oldini olishga va koronavirus pandemiyasi keltirib chiqargan iqtisodiy inqirozga qarshi kurashish sharoitida tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlashga va aholini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan chora-tadbirlarni qamrab olgani bilan juda muhim ahamiyat kasb etdi va o‘z vaqtida qabul qilindi.

Ushbu Farmonda tadbirkorlik sub’ektlariga taqdim etilayotgan ko‘plab imtiyoz va preferensiyalar iqtisodiyotimizning eng kichik biznesi sub’ektlarini ham qamrab olgani bilan, ularning shunday murakkab sharoitda ham faolligini, keyingi faoliyatini saqlab qolishga qaratilgan.

Tadbirkorlik faolligini qo‘lab-quvvatlash maqsadida Farmonning muhim jihatlaridan biri tadbirkorlik sub’ektlarining kredit qarzdorligi va tijorat banklarining resurs bazasiga qaratilgan yo‘nalishdagi aniq choralar hisoblanadi.

Koronavirus pandemiyasi davrida bugungi kungacha O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 19 martdagi Farmoni ijrosi doirasida yuridik shaxslarning kreditlari bo‘yicha 7,9 trillion so‘m hajmdagi qarzdorligi kechiktirildi, O‘zbekistonda va boshqa mamlakatlarda koronavirusga qarshi kurashish bo‘yicha ko‘rilayotgan choralar va iqtisodiy faollikning keskin pasayishi sababli moliyaviy qiyinchiliklarga duch kelgan tashkilotlarning kreditlari bo‘yicha qo‘shimcha restrukturizatsiya qilinadigan to‘lovlar hajmi qo‘shimcha ravishda 
7 trillion so‘mni tashkil etmoqda. Jismoniy shaxslar va yakka tartibdagi tadbirkorlar tomonidan 2020 yilning navbatdagi 6 oyi mobaynida so‘ndirilishi lozim bo‘lgan kreditlar bo‘yicha muddati uzaytiriladigan to‘lovlar hajmi 4,7 trillion so‘mni tashkil qiladi.  Ya’ni, tadbirkorlar va aholining 12 trillion so‘mdan oshiq kreditlari bo‘yicha kredit majburiyatlarini bajarishga “kredit ta’tillari” beriladigan bo‘ldi.

Ushbu ma’lumotlardan kelib chiqib, Farmon bilan O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki tomonidan majburiy zaxiralar bo‘yicha talablarni engillashtirish hisobiga tijorat banklarini 2,6 trillion so‘m hajmidagi qo‘shimcha likvidlik resurslari bilan ta’minlash hamda tijorat banklariga 3 yil muddatgacha 2 trillion so‘mgacha miqdorda likvidlik taqdim etishning maxsus mexanizmini joriy etish bo‘yicha ko‘rilayotgan choralar ma’qullandi. Bu tijorat banklarining resurs majburiyatlarini bajarishda katta imkoniyat yaratadi. 

Farmonda tijorat banklari uchun ham soliq imtiyozi, ya’ni kechiktirish taqdim etildi. Ular tomonidan kreditlar bo‘yicha hisoblangan va kechiktirilgan foizlar summasi kechiktirish taqdim etilgan davrda foyda solig‘ini hisoblashda jami daromad tarkibiga kiritilmaydi.

So‘nggi yillarda kichik bisnes va tabdirkorlik sub’ektlariga Prezidentimiz va Hukumat tomonidan katta e’tibor qaratilib, kichik bisnes va tabdirkorlik sub’ektlarining Yaimdagi ulushi oshib bormoqda. Ularning faolligi moliyaviy resurslarning etarliligi bilan bog‘liq. Bugungi inqiroz paytida ko‘plab kichik biznes su’ektlarida moliyaviy resurslar taqchilligi seziladi.

Farmon bilan ushbu davrda tadbirkorlik sub’ektlariga aylanma mablag‘larini to‘ldirish uchun kreditlar ajratishga alohida imkoniyat yaratib berildi. Jumladan, 2020 yil 1 oktyabrga qadar Tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlash davlat jamg‘armasi tomonidan loyihalar sonidan qat’i nazar, ijobiy kredit tarixiga ega bo‘lgan tadbirkorlik sub’ektlariga aylanma mablag‘larini to‘ldirish uchun beriladigan kreditlar bo‘yicha kredit summasining 75 foizidan oshmagan, biroq 10 milliard so‘mdan ortiq bo‘lmagan hajmda (avval bu summa 8 milliard so‘m bo‘lgan) kafillik berish hamda  tadbirkorlik sub’ektlariga aylanma mablag‘larini to‘ldirish uchun Markaziy bank asosiy stavkasining 1,75 baravaridan oshmagan miqdordagi foiz stavkasi bilan milliy valyutada berilgan kreditlar bo‘yicha foiz xarajatlarini qoplash uchun kompensatsiya, uning belgilangan miqdorlarini saqlab qolgan holda, taqdim etiladi. Bitta qarz oluvchiga davlat jamg‘armasi tomonidan bir vaqtda ham kafillik, ham kompensatsiya berishga qo‘yilgan cheklov ham Farmon bilan bekor qilindi.

Umuman, ushbu Farmon bilan nafaqat tadbirkorlikni, qolaversa, xalqimizni, ijtimoiy yordamga muhtoj bo‘lgan fuqarolarimizni qo‘llab-quvvatlashga qaratilib, ularga katta imkoniyatlar yaratilmoqda va albatta,  qo‘llab-quvvatlanmoqda. Bu hujjat juda xalqchilligi bilan bugungi kunning eng asosiy hujjatlaridan biri bo‘lib, hammamiz uchun dasturilamal vazifasini bajarishi lozim. Prezidentimiz ta’biri bilan aytganda, bugungi kunda har birimiz yuksak tafakkur, qat’iy intizom, sabr-toqat va ulkan mas’uliyat ko‘rsatishimiz lozim bo‘ladiki, bu bizning eng asosiy, eng ta’sirchan qurolimizga aylanishi shart. Mana shundagina butun dunyoni xavotirga solgan koronavirus pandemiyasining salbiy oqibatlarini birgalikda, hamjihatlikda albatta bartaraf etishga erishamiz.

 

Muxtor Hojimatov,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati,

Ekologik partiya fraksiyasi a’zosi