Bugungi tahlikali kunlar nafaqat inson sabru qanoatini, balki vijdon va iymonini ham sinovdan o‘tkazayotganday. Bunday deyishimning sababi bor. O‘zi va oilasi, yaqinlari, xalqi salomatligini o‘ylagan, buning uchun qayg‘urmoqlikni fuqarolik burchi deb hisoblagan inson borki, ayni damda hukumatimiz, Prezidentimiz, sog‘liqni saqlash hamda boshqa tegishli tashkilotlar tomonidan belgilab qo‘yilayotgan qoida va tartiblarga qat’iy rioya qilmoqda. Ammo yurtdoshlarimiz orasida shunday kimsalar ham uchrab turibdiki, ularning xatti-harakatini ko‘rib, shunchalar ham aqlsizlik, bepisandlik, beparvolik, kaltao‘ylik bo‘ladimi, deb yuborasan beixtiyor.

 

Mamlakatimizda karantin tartibi joriy etilganiga o‘n besh kundan oshdi. Har kuni, har soatda yurtimizdagi epidemiologik vaziyat haqida ommaviy axborot vositalarida, ijtimoiy tarmoqlarda ochiq va to‘liq xabarlar berib borilyapti. To‘g‘ri, shifokorlarning sa’y-harakati tufayli kasallikni engayotganlar ham bor. Ammo afsuski, koronavirus infeksiyasini yuqtirib olganlar soni kun sayin ortib borayapti. Nahot, shuning o‘zi xavfning oqibatini tasavvur etish uchun etarli bo‘lmasa?!

Kecha xizmat yuzasidan Namangan shahridagi bir mahallada bo‘ldik. Tor ko‘chalarda uch-to‘rtta bo‘lvolib suhbatlashib o‘tirgan yoshi oltmishlardan oshgan erkaklarni ko‘rib, ochig‘i, jahlim chiqdi. Ular iyaklariga doka niqobni shunchaki ilib olishgan, hech narsadan bexabar, go‘yoki dunyo tinch, olam xavotirda emas, hech kimga davosiz va yuqumli kasallik chang solmayotgandek, bemalol gurunglashib o‘tirishibdi. Bunday qilishlari noto‘g‘ri ekanini tushuntirsangiz, uyda zerikishganini aytishadi uyalmay!

Angladimki, bunday tahlikali kunlar kimning kimligini ayon etib qo‘ymoqda. SHunday oilalarni ko‘ryapmiz, o‘n-o‘n besh kunda bir oziq-ovqat, dori-darmon uchungina ko‘chaga chiqishyapti. Qolgan payt uyda, tomorqasida foydali mashg‘ulot bilan band bo‘lmoqda. Tomorqasi yarim sotix bo‘lgan xonadonni bilaman. Bu hovlida sakkiz jon yashaydi. Qo‘lidan ish keladiganlar to‘rt nafar. Bu oila mana shu yarim sotix erda ko‘katlar va xonaki gullar etishtiradi. Albatta, daromad manbai faqatgina shu emas. Ammo bu oilaning kasbdan tashqari shug‘ullanadigan mashg‘uloti bor. SHu bilan birga oila a’zolarining tushunchasi keng, madaniyati, ma’naviyati bor.

Bir necha kun avval viloyat yuqumli kasalliklar shifoxonasida karantinda bo‘lgan bir inson ko‘nglidan kechayotgan o‘ylari haqida so‘zlab qoldi. Insonning davosiz dard changalida ekanini his qilishining o‘ziyoq dahshatli. Kasalxona darvozasidan kirayotganingizda, bu erdan tirik chiqib ketish nasib etarmikan, degan o‘yni xayolingizdan o‘tishining o‘zi og‘ir. Isitma otashida yonayotgan, to‘yib nafas olish dunyodagi eng oliy baxt va bebaho ne’mat ekanini bu baloning changaliga tushganingizda yurakdan his etasiz. Ammo unda kech bo‘lishi mumkin. Bemorlar orasida hatto bolalarning ham borligi – kattalarning xatosi, beparvoligi oqibatidir.

Bugun zerikkangizdan ko‘chaga chiqasiz, o‘zingizga o‘xshagan bekorchilar bilan yuzma-yuz turib bo‘lmag‘ur gaplarni gaplashasiz. Kecha yo bir necha kun avval ularning qay biri qaerlarda bo‘lgani, kimlar bilan muloqotda bo‘lganini bilmaysiz. Go‘yoki sizga kasallik hech qachon yuqmaydi, yon-atrofingizda ham infeksiyani yuqtirganlar yo‘qligiga ishonchingiz komil. Xullas, suhbatdoshlaringiz atrofga alanglab, niqobi nafasini qaytarayotganini aytib, uni bo‘yniga tushirib oladi. Siz parvo qilmaysiz. Bir-ikki soatlik gurungdan keyin uyingizga kirasiz. O‘g‘lingiz, qizingiz yoxud nabirangiz yugurib kelib bo‘yningizga osiladi. Siz ham uni erkalab o‘pasiz... Bir necha kundan keyin avval norasidangizning, keyin sizning isitmangiz chiqa boshlaydi...

Oynai jahonda xorijiy davlatlarda ko‘cha-ko‘ylarda nafasi bo‘g‘ilganidan jon taslim qilayotgan kishilarni ko‘rmadingizmi? Ularning aqli siznikichalik emasmidi? Ular o‘zini ehtiyot qila bilmasmidi? Kasallikning oqibati haqida eshitmagan edimi? Ular ham inson edi, ular uchun ham umr, hayot aziz edi. Ammo ular lahzalarni boy berishgan edi, ertaroq kasallikdan saqlanish choralarini ko‘rishmagan edi. Ko‘zga ko‘rinmas virusning nimalarga qodir ekanini tasavvur qilishmagan edi. Xuddi siz kabi...

Ko‘zingizni oching, aziz hamyurtim. Sizning hayotingiz biz uchun qadrli. Koronavirus qurboni yoxud uning tarqatuvchisi bo‘lib qolmang. O‘zingizni ehtiyot qiling. Uydan chiqmang. Oila a’zolaringizni ham uyda qolishlarini ta’minlang. Nimadan qiynalsangiz, bu haqda telefon orqali mahallangiz va tegishli idoralarga ma’lum qiling. Bugun barcha choralar sizning – xalqimizning salomatligini asrash, pandemiyadan eson-omon, yo‘qotishlarsiz olib o‘tishga qaratilgan. Ko‘rib turibsiz, hukumatimiz bu maqsad uchun hech nimani ayamayapti. Faqat biz uyda qolib, karantin qoidalariga so‘zsiz amal qilsakkina, bu choralar o‘z samarasini beradi. SHuni unutmaylik!

 

Ahmadjon ALAXODJAEV,

Xalq deputatlari viloyat Kengashi deputati.