Bugungi sinovli kunlar kimning aslida kimligini, kim haqiqatan zoriqqanu kim nimaga muhtoj, kim sahiy, tanti, kimning esa boyligidan boshqa hech bir “boyligi” yo‘q kimsalar ekanligini osongina ajratib olish uchun berilgan bir fursatdir. Har bir ibtidoning o‘z intihosi bo‘lganidek, bu damlar ham tez kunlarda tarixga aylanishiga ishonamiz, ammo ayni og‘ir daqiqalarda kimgadir qilgan yaxshiligimiz, savobli ishimiz o‘sha odamning ko‘nglidan hech qachon o‘chib ketmasligi, yodida qolishining o‘zi - mehr zanjirining davomiyligidan dalolat.

 

Mehr zanjiriga xalqa bo‘lishni esa bugun har birimiz o‘zimizdan, o‘z oilamizdan boshlasak, buning uchun birinchi o‘rinda davlatimiz tomonidan o‘rnatilgan qat’iy talablarga rioya qilsak, o‘zimizdagi havoyi kibrlardan voz kechib, kamtarlik bilan ish tutsak, muhtaram Yurtboshimizning shu mamlakat otasi sifatida ko‘rsatayotgan jasoratini, jonkuyarligini qalban his etib, harakat qilsakkina sinovlarni engamiz.

Xalqimiz har bir davrning mashaqqatli kunlarini boshidan kechirgan. Lekin mulohazali, keng fe’lli, sinovlarga sabotli bo‘lgani uchun ham u kunlarni ortda qoldirdi. Guruch kurmaksiz bo‘lmaganidek, bugun oramizda boqimandalar, osmondan chalpak yog‘ishini kutib, xalq g‘amiga sherik bo‘lmayotgan kimsalar ham afsuski bor. Aynan karantin damlarda ijtimoiy tarmoqlarda yo‘qsilligidan nolib, ayuhannos solayotgan, davlatimiz tomonidan ko‘rsatilayotgan g‘amxo‘rlikni mensimayotganlar ham uchramoqdaki, undaylarga shukronalik tuyg‘usi mutlaqo begona.

Bugun burchak-burchaklarda turib, kamchiliklardan nolishimiz emas, aksincha barchamiz birlashishimiz, hamjihatlikda kengashib ish tutishimiz zarurligini kunning o‘zi talab qilmoqda. Davlat idoralari, barcha darajadagi rahbarlar, kasaba uyushma tashkilotlari, shu yurtning chin farzandiman, degan inson borki, pandemiyaning oldini olish, bu sinovlardan omon chiqish uchun birdek kurashishimiz lozim.

 Asl inson kimligi el boshiga ish tushganida bilinadi, deydi dono xalqimiz. Bugun qaysi soha, qaysi tizim rahbari bo‘lmasin, eng avvalo, xodimlari manfaatini ko‘zlab ish tutishi, haqiqatan zoriqqanga yordam qo‘lini cho‘zishi, kam ta’minlanganlar holidan har qachongidan ko‘ra ko‘proq ogoh bo‘lib turishi, eng muhimi, mehr zanjirining xalqalari uzayishiga hissa qo‘shishi kerak. Bu zanjirning xalqalarida kasaba uyushmamiz faollarining ham hissasi bor. Birlashmaning tuman, shahar kengashlari, boshlang‘ich kasaba uyushmasi tomonidan ehtiyojmand oilalar, yolg‘iz keksalar, nogironligi bo‘lgan shaxslar hamda aholining yordamga muhtoj qatlamiga 154,5 mln. so‘m miqdorida oziq-ovqat mahsulotlari, dori-darmon, dizenfeksiya vositalaridan iborat ko‘mak berildi.

SHu bilan birgalikda, tizimdagi 2584 nafar xodimlarning plastik kartalariga moddiy yordam sifatida jami 342,5 mln. so‘mlik mablag‘ tushirib berildi. Bundan tashqari, Call Center qisqa raqamli 1211-Ishonch telefoniga fuqarolarimiz tomonidan qilinayotgan murojaatlar kasaba uyushma vakillari tomonidan hamkor tashkilotlar bilan birgalikda o‘rganilib, o‘z ijobiy echimini topayotgani ham bugungi sinovli kunlarda hech bir yurtdoshimiz e’tibordan chetda qolmayotganidan dalolat.

Birdamlikda, jipslikdagina qudratlimiz. Ayni kunlarda bahamjihat bo‘lib qilayotgan ezgu amallarimiz, sa’y-harakatlarimiz besamar ketmasligiga ishonamiz. Zero, biz bir butun xalqmiz, katta oilamiz, yaxshi yomon kunda birgamiz!