Mehnatkash xalqimiz uchun yer azaldan qadrli hisoblanadi. Chunki, yer oilaning qaysidir ma’noda tirikchilik va daromad manbai hisoblanadi. Bugungi koronovirus pandemiyasi sharoiti barchamizni birdek uyda qolishimizni taqazo etmoqda. Albatta, uyda foydali mehnat bilan mashg‘ul bo‘lish, har bir daqiqani mazmunli o‘tkazish, avvalo, o‘zimizga bog‘liq. Bu holatda xonadonimizda mavjud tomorqada ishlash uchun yaxshi imkoniyatimiz bor.

 

Davlatimiz rahbari tomonidan tomorqalardan unumli foydalanish masalasida o‘tkazilgan videoselektorda bugungi kunda tomorqadan yuqori hosil va daromad olayotgan mirishkor dehqonlarimizning tajribasini keng joriy qilishimiz kerakligi, Asaka, Oltinko‘l, Namangan, Uychi, Angor, Jarqo‘rg‘on, Kitob, Toyloq, Samarqand, Yangiyo‘l, Zangiota, Oltiariq, Quva kabi tumanlarda aksariyat oilalar bir yilda ikki-uch marta hosil olayotganligi va ularning 8-10 sotixli tomorqasidan yiliga 50-100 million so‘mgacha daromad qilayotganligi ta’kidlandi.

Hozirgi kunda 4,5 million gektar yer dehqon xo‘jaligi, 435 ming gektar yer tomorqa egalari zimmasida turibdi. Bugun oziq-ovqat xavfsizligi va aholi daromadlarini oshirish dolzarb vazifa sifatida yuzaga chiqayotgan ekan, bu jarayonga loqayd bo‘lmasligimiz, bu yerlardan unumli foydalanishimiz zarur. Har bir rahbar, mahalla raisi va albatta oila boshlig‘i o‘z tashabbusi bilan jarayonni tezlashtirishga, ishlarni samarali tashkil etishga munosib hissa qo‘shmog‘i lozim. Zero, bugun dunyoda oziq-ovqat taqchilligi sezilmoqdaki, koronavirus pandemiyasi oziq-ovqatga bo‘lgan talabni keskin oshirmoqda.

To‘g‘ri, ko‘pchilik yurtdoshlarimiz tomorqani qarovsiz qoldirayotgani yo‘q, har doimgidek sidqidildan mehnat qilib, o‘z dasturxonlarining but bo‘lishi uchun bugundan harakatni boshlaganlar. Buning natijasini bugun bozorlarga chiqayotgan yangi sabzavot mahsulotlarida ko‘rsak bo‘ladi.  

Bugun uyda o‘tirib, tomorqasiga qarab, ko‘ngli yayraydigan va kaftdakkina yerdan ham unumli foydalanib, o‘z mehnatidan zavq oladigan insonlar talaygina. Bunday insonlar ertangi kuniga ishonch va shukronalik hissi bilan yashamoqdalar. Afsuski, oramizda besh-o‘n sotixlab tomorqasi bo‘la turib, bu ne’matdan foydalanmaydigan, ta’bir joiz bo‘lsa, xazinaning ustida o‘tirib, faqat shikoyat bilan kunini behuda o‘tkazayotganlar ham uchrab turibdi. Aslida bir parcha yeri bor odam shu yerning borligiga shukr qilib yashashi, mehnat qilishi kerak. Buning uchun bugun barcha sharoitlar yaratilmoqda.

Albatta, tomorqa yerlariga ekish uchun urug‘lik, ko‘chatlar olib kelinishida bugungi karantin sharoitining ta’siri bo‘lmasdan qolmaydi. Bu holatda mahalla fuqarolar yig‘ini raislari va ularning obodonlashtirish, tomorqa va tadbirkorlik masalalari bo‘yicha o‘rinbosarlaridan aholiga urug‘lik va ko‘chatlarni etkazib berishda jonbozlik ko‘rsatishlari talab etiladi. Bunda nafaqat urug‘lik va ko‘chatlar etkazib berish balki, tayyor hosilni sotishda ham iloji boricha mahalliy dukonlarda sotilib, xudud aholisini extiyojlari birinchi navbatda hisobga olinsa, mahallaning oziq-ovqat muammolari joyida hal etilgan bo‘lar edi.

Shu bilan birga, qishloq xo‘jaligida vaqtincha foydalanilmayotgan yerlarni o‘zlashtirib, kam ta’minlangan oilalarni band qilish bo‘yicha yaxshi samara berayotgan tizimni keng qo‘llash kerak. Ayniqsa, qishloq joylarida zahiradagi yer maydonlarni foydalanishga kiritib, kooperativlar tashkil etilmoqda. Bu kooperativlarning har bir a’zosiga aholining joylashuvidan kelib chiqib, 20 sotixdan 50 sotixgacha ekin maydoni va subsidiyalar ajratilib, ular kerakli miqdorda urug‘lik va o‘g‘itlar bilan ta’minlanmoqda. Muhim jihati, kooperativ a’zolari tomonidan etishtirilgan mahsulot bozor narxlarida sotib olinishidir. Bu tadbirlar yordamida qishloq hududlarida ishsizlikning kamayishiga erishilib,   kambag‘allikni kamaytirish yo‘lida muhim qadam tashlanadi. Bugun Surxondaryo, Andijon, Namangan, Farg‘ona kabi boshqa viloyatlarda ushbu ishlarning boshlangani fikrimizning yaqqol isbotidir.

Shuningdek, kooperativga a’zo bo‘lgan ishsiz fuqarolarga Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi jamg‘armasidan mahsulot etishtirish xarajatlari uchun 24 milliard so‘m subsidiya ajratildi. Kam ta’minlangan, qarovchisi bo‘lmagan oilalarga mevali ko‘chatlar, sabzavot urug‘lari va boshqa moddiy resurslar etkazib beriladi.

Ushbu sohaga katta imkoniyatlar yaratilgan bo‘lsada, lekin tomorqachilikka yanada kengroq sharoitlar yaratish uchun parlament oldida bu boradagi qonunchilikni takomillashtirish vazifasi dolbzarbligini yo‘qotmaydi. Xuddi shu maqsadda Oliy Majlis palatalari Kengashlarining qo‘shma qarori bilan deputatlar va senatorlarning joylarda dehqon xo‘jaligi yerlari va tomorqa yerlaridan unumli foydalanishni tashkil etishda bevosita ishtirok etishlari va ko‘makdosh bo‘lishlari belgilab olindi.

Bugun pandemiya vaziyati barchamizni uyda o‘tirishga majbur etsada, tomorqamizda mehnat qilishdan mahrum qilolmaydi. Shunday ekan, bahorning har bir kunini g‘animat bilib, tomorqalarda ekin ekish ishlarini jadallashtirishimiz zarur. Har bir qarich yerning qadriga etaylik, dasturxonimiz to‘kinligini, bozorlarimizda arzonchilikni ta’minlash bugungi mehnatimizga bog‘liqligini unutmaylik.

 

Muxtor Hojimatov

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati