Shu kunlarda butun dunyo xalqlari qatori O‘zbekiston ahli ham murakkab va sinovli kunlarni boshdan kechirmoqda. Koronavirus atalmish zararli ofat hujumini bartaraf etish hamman6ing asosiy maqsadiga aylangan. Hamma yerda karantin va “o‘zini yolg‘izlash” choralari ko‘rilmoqda, kasallik aniqlangan shaxslar esa davolanib, odatiy hayot bag‘riga qaytarilmoqda. Davlatimiz rahbariyati shu bilan birga iqtisodda bo‘hronga yo‘l qo‘ymaslik, xususan, aholining oziq-ovqat mahsulotlariga bo‘lgan ehtiyojini to‘la qondirish chora-tadbirlarini ko‘rmoqda.  

Bu siyosatni keng jamoatchilik qatori biz, deputatlar ham tomonlama qo‘llab-quvvatlasak, foydadan xoli bo‘lmaydi. Xalq deputatlari Kosonsoy tuman kengashidagi men etakchilik qilayotgan “Adolat” SDP guruhi a’zolari ham bu borada izchil ish olib bormoqdalar. Albatta, bunda karantin talablaridan kelib chiqib, ehtiyotkorlik choralarini ko‘rgan holda ish olib bormoqdamiz. Maqsad – aholi o‘z tomorqasi imkoniyatlaridan qanday foydalanishini aniqlash. Bu borada boy tajriba to‘plagan insonlarning ish usullarini keng targ‘ib qilish, u yoki bu sababga ko‘ra ko‘ngildagiday hosil ololmayotganlarga ham tegishli yordam ko‘rsaatish.       

Keyingi ikki kunda saylov okrugim hududidagi “Beshketmon” va “Qozoqovul” mahalla fuqarolar yig‘inlaridagi holatni o‘rgandim.  Aholining ko‘pchilik qismi hozirgi karantin kunlarida o‘z tomorqasida ish bilan bandligi kishini quvontiradi. “Beshketmon”da MFY raisi Hafiza Abdug‘afforovaning aytishiga qaraganda, 487 ta xonadon mavjud. Ularning har birida to‘rt sotixdan o‘n sotixgacha ekin maydoni bor.       

Masalan, Hasan Tolqonov Baxt ko‘chasida istiqomat qiladi. Uning hovlisiga kirgan kishi xonadon egasi dehqonchilik ilmidan yaxshi xabardor ekanligiga ishonch hosil qiladi. Bu erda sabzavotlardan sabzi, piyoz, kartoshka ekilgan. Dukkaklilardan loviya va no‘xot yaxshi rivojlanmoqda. Egatlarda bironta begona o‘t yoki kesak ko‘rinmaydi, tuproq xuddi qum singari yumshoq va mayin. O‘z vaqtida sug‘orilgan va chopiqdan chiqarilgan. Bunday sharoitda  ekinlar baravj rivojlanishi aniq, albatta. Shu ko‘chadagi        Nurillo Mirzaaliev, Mamarizaev ko‘chasidagi Muhibillo Mirzaev, Muhammadjon Usmonalievning hovlilaridagi ekin maydonlarida ham hosildorlik yuqori bo‘lishi yaxshi ko‘zga tashlanib turibdi.       

“Qozoqovul” mahallasida ham o‘z tomorqasini yashnatayotgan mirishkorlar talay ekan. Ayniqsa, Ilyos Xolqo‘ziev issiqxonada limon etishtirishning hadisini olgan. Bu erdan chiqqan mahsulot Kosonsoy va Namangan bozorlarida o‘z xaridorini tez topadi. Chunki ularning ko‘rinishi nihoyatda chiroyli, mazasi  barchaga ma’qul tushadi. Zahroxon Nishonova va Lolaxon Ummatalieva ham o‘z ixtiyorlaridagi er maydonlarining imkoniyatlaridan unumli foydalanmoqdalar. MFY raisi Umarjon Vohidov bunday mirishkorlar tajribasini keng yoyish bo‘yicha mahalla faollari izchil ish olib borayotganliklarini aytdi. Tez orada mahalladagi 508 ta xonadonning barchasida mo‘l-ko‘l meva-sabzavot mahsulotlari etishtirilsa, ajab emas.       

Biz deputatlik guruhimiz a’zolari bilan birgalikda tez orada o‘zimizning saylov okruglarimizda tomorqalardan foydalanish masalasini muhokama qilishni  maslahatlashdik. Tadbir, albatta, hozirgi  sharoitdan kelib chiqib, vebinar usulda o‘tkaziladi. Keyinchalik esa tumen kengashi sessiyasi kun tartibiga  kiritishni rejalashtirdik.

Isroil Jo‘raev, xalq deputatlari Kosonsoy tuman kengashidagi “Adolat” SDP guruhi rahbari.