TA’LIM JARAYONI – HAR BIR FUQARONING VIJDON ISHI
Prezident Shavkat Mirziyoyev boshchiligida shu yil 30 oktyabrda o‘tkazilgan videoselektordan so‘ng uzoq xayolga toldim. O‘quvchilik davrim, maktab hayoti ko‘z oldimdan o‘tdi. U paytlar boshqacha edi. Bizning avlod moddiy farovonlikdan ko‘ra bilimni, oliy ma’lumot olishni muhimroq hisoblardi. O‘ylab qarasam, bugun viloyatimizdagi ko‘plab rahbarlar –bizning avlod vakillari. Turli sohalarni boshqarish va rivojlantirishda ularning o‘rni sezilardi darajada. Albatta, bu hol kishini xursand qiladi. Axir XX asr 60-80 yillari Namanganda ta’lim gullab-yashnagani rost-da. Shahrimizdagi 7-31-maktablarning dovrug‘i butun respublikaga yoyilgandi.
Afsuski, so‘ngi yillarda mana shu yorqin an’ana ancha-muncha so‘nib qolgandek. SHahar maktablari bitiruvchilari orzu-maqsadlarini o‘rgansangiz, hozirgi holatda ularning aksariyati savdo sohasini, hunar yo‘lini tanlashmoqda. Inkor etmayman, savdo sohasi va hunar – bugun tirikchilik yaxshi o‘tishi va farovon yashash asosi. Farzandlarimiz hunar o‘rganishlari – ayni muddao. Lekin masalani boshqa jihati bor: aynan savdo sohasi va hunar yo‘lini tanlayotgan o‘quvchilar maktabda o‘qishni tashlab qo‘yishmoqda. Ularda savdo-sotiq va hunar o‘rganish uchun fanlarni chuqur o‘zlashtirish shart emas, degan noto‘g‘ri qarash shakllangan. Hatto ota-onalarda ham «O‘qib olim bo‘larmiding, buning o‘rniga bozorga chiq, hunar o‘rgan, besh tanga pul top!» - degan zamon talablari ko‘tarmaydigan aqidalar mavjud. Holbuki, dunyo juda tez o‘zgarmoqda va yangilanmoqda. Endi zamon shiddatiga mos bo‘lish, hatto, undan o‘zish uchun har qaysi o‘quvchi tanlagan kasb-kori, hunaridan qat’i nazar maktabda yaxshi o‘qishi shart. Qo‘li gul zargar yoki hunarmand ingliz tilini bilmasa, dunyo kezolmaydi va o‘zi tayyorlagan noyob mahsulotni dunyo bozorida sotolmaydi. Davlatimiz rahbari tomonidan ayni mana shu muammoga jiddiy e’tibor qaratilmoqda.
Ayonki, ta’lim o‘z-o‘zidan rivojlanib qolmaydi, o‘quvchi-yoshlar dabdurustdan fan sirlarini o‘zlashtirishga qiziqishmaydi. Demoqchimanki, ta’limni rivojlantirish va o‘quvchi-yoshlarni bilimga qiziqtirish – har birimizning vatanparvarlik burchimizdir. SHu ma’noda «Vatanparvar» tashkiloti Namangan viloyat Kengashi ta’lim-targ‘iboti masalasida ko‘plab ishlarni amalga oshirmoqda. Bu o‘rinda amalga oshirilgan ishlar hisobotini berish shart emas. Biz uchun muhimi – turli vositalar orqali maktab hayotiga kirib borish va ta’lim-tarbiya jarayonini yangilashga munosib hissa qo‘shish!
Sohamizning asosiy maqsadi – yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalashdan iborat. Quvonchli jihati shundaki, vatanparvarlik tuyg‘usini shakllantiruvchi to‘garaklarimiz va o‘tkazadigan tadbirlarimizda, asosan, maktab o‘quvchilari ishtirok etishmoqda. Hech bir mubolag‘asiz aytaman: bu o‘quchilar orasida iste’dodlar juda ko‘p. Ular mamlakatimiz miqyosida o‘tkazilgan turli musobaqalarda iste’dodlarini namoyish etib ishonchimizni oqlashmoqda.
Jumladan, O‘zbekiston mudofasiga ko‘maklashuvchi «Vatanparvar» tashkiloti Markaziy kengashining «Sport va ommaviy jismoniy tarbiya tadbirlarining 2020 yilgi kalendar rejasi»ga asosan, 23-25 oktyabr kunlari Buxoro shahrida o‘tkazilgan sportning texnik va amaliy turlari tarkibiga kiruvchi «Raketamodel» sport turi bo‘yicha O‘zbekiston chempionati va kubogi musobaqasida Namangan viloyati terma jamoasi faxrli 2-o‘rinni egalladi. YOsh vatanparvar sportchilarimizning Qozog‘istonning Boyqo‘ng‘ir kosmodromida o‘tkazilgan xalqaro musobaqadagi yutuqlari hamon ko‘pchilikning og‘zida. SHu kunlarda Uchqo‘rg‘on tumanida xalqaro musobaqalarni o‘tkazishga mo‘ljallangan zamonaviy kartodromning ishga tushirilishi yosh vatanparvarlarning quvonchiga-quvonch qo‘shmoqda.
Demak, biz tanlagan yo‘l ta’lim ravnaqiga ijobiy ta’sir ko‘rsatishi shubhasiz. Zero, ta’lim-tarbiya jarayonini sport sog‘lomlashtirish ishlarisiz, eng asosiysi, vatanparvarlik tuyg‘usini shakllantirmay turib rivojlantirish – mushkul vazifa. Kun keladi va bugungi sa’y-harakatlarmiz o‘zining samarasini beradi, dunyo yangi O‘zbekistonni uchinchi renesanss davrida ko‘radi. Vatanimizning yangi Ulug‘beklari, Navoiylari, Avloniy va Behbudiylarining bilimi dunyoga doston bo‘ladi!
Ahmadjon A’LOXODJAYEV,
Xalq deputlari viloyat Kengashi deputati,
O‘zbekiston mudofasiga ko‘maklashuvchi
«Vatanparvar» tashkiloti
Namangan viloyati kengashi raisi.