Namangan viloyat hokimligining katta majlislar zalida Xalq deputatlari viloyat Kengashining navbatdan tashqari o’n birinchi sessiyasi bo’lib o’tdi.
Sessiya ishida xalq deputatlari viloyat Kengashi deputatlari, viloyat hokimining o’rinbosarlari, hokimlikning guruh, kotibiyat rahbarlari, tumanlar hokimlari, viloyat, tumanlar huquqni muhofaza qiluvchi idoralar rahbarlari, siyosiy partiyalar, jamoatchilik va viloyat tashkilotlari rahbarlari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdilar.
Sessiyani O’zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati a’zosi, viloyat kengashi raisi, viloyat hokimi Xayrullo Bozarov olib bordi. Deputatlar kun tartibi va reglamentni tasdiqlab, sessiya kotibini sayladilar.
Shundan so’ng “2016 yil 13 aprel kuni o’tkazilgan Respublika selektor yig’ilishida belgilab berilgan topshiriqlarga asosan tuman hokimi, prokurori va ichki ishlar bo’limi rahbarlariga biriktirilgan hududlarida 2016 yil paxta hosili uchun g’o’zaga birinchi ishlov berishda amalga oshirilayotgan ishlar, yo’l qo’yilayotgan ayrim kamchiliklar hamda bu borada fermer xo’jaligi rahbarlarining javobgarligi, mas’uliyati hamda kafolatli hosil olish to’g’risida”gi;
“Namangan viloyatida 2016 yilning may-iyun oylarida fuqarolar yig’inlari raislari (oqsoqollari) va ularning maslahatchilari sayloviga tayyorgarlik ko’rish hamda o’tkazish to’g’risida”gi;
“Xalq deputatlari viloyat Kengashiga saylov o’tkazuvchi 36-G’alcha saylov okrugida bo’shab qolgan deputatlik o’rniga o’tkazilgan saylov yakunlari to’g’risida”gi masalalar ko’rib chiqildi.
Kun tartibiga kiritilgan birinchi masala bo’yicha bugungi kunda paxta hosili uchun g’o’za parvarishiga ishlov berish, agrotexnik yumushlarni o’rnida va samarali bajarish bo’yicha Pop, Uchqo’rg’on, Chortoq tumani hokimlari, prokuror va ichki ishlar boshqarmasi rahbarlari amalga oshirilayotgan ishlar haqida hisobot berishdi. Yo’l qo’yilgan ayrim kamchiliklarga tanqidiy yondoshilib, tegishli tavsiyalar berildi.
Shuningdek, sessiyada Namangan viloyatida 2016 yilning may-iyun oylarida bo’lib o’tayotgan fuqarolar yig’inlari raislari (oqsoqollari) va ularning maslahatchilari sayloviga puxta tayyorgarlik ko’rish hamda o’tkazish to’g’risidagi masala yuzasidan viloyat hokimining birinchi o’rinbosari O’ktamjon Ergashov tahliliy axborot berdi. O’zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati a’zosi, saylov bo’yicha viloyat ko’maklashuvchi komissiyasi raisi Solijon Mo’minov so’zga chiqib, viloyatda o’tkazilayotgan saylovlarni yuqori saviyada tashkil qilish, ayniqsa, munosib nomzodlarni tanlash borasida alohida to’xtalib o’tdi.
Shundan so’ng, deputatlar Xalq deputatlari viloyat Kengashiga saylov o’tkazuvchi 36-G’alcha saylov okrugida bo’shab qolgan deputatlik o’rniga o’tkazilgan saylov yakunlari to’g’risidagi masalalar ko’rib chiqishdi. Mazkur masala yuzasidan viloyat saylov komissiyasining raisi Shokirjon Mirzaahmedov axborot berdi.
Shuningdek, Sessiyada deputatlar tomonidan Xalq deputatlari viloyat Kengashiga 36-G’alcha, okrugidan saylov okrugidan viloyat kengashi deputati etib saylangan Shavkat Abdurazaqovning deputatlik vakolatini e’tirof etildi.
Sessiyada ko’rilgan masalalar yuzasidan tegishli qarorlar qabul qilindi.